O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Boshqarmaning xayrli tashabbusi
2018-04-30 | Iqtisodiyot
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 martdagi "Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida alohida ishchi guruhi tuzilib, uning tarkibiga viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari, profilaktika inspektori, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari, bandlikka ko‘maklashish markazi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish kengashlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari jalb etilgan.
Ishchi guruhiga 252 nafar soliq xizmati organi xodimlari ham kiritilgan bo‘lib, ular xonadonlarda tomorqa madaniyati bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlarida faol ishtirok etmoqda. Ishchi guruhi tomonidan asosiy e’tibor tomorqa yerlaridan unumli foydalanayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish, aksincha, yerlaridan samarasiz foydalanayotgan, qarovsiz holga tashlab qo‘ygan yer egalari uchun jarima belgilanganligi aytildi.
O‘tkazilgan o‘rganish jarayonida 17,7 ming xonadonga kirildi, mazkur xonadonlarning 89 tasi yer uchastkasidan samarasiz foydalanayotganligi aniqlandi.
Ularga ishchi guruh tomonidan ogohlantirish xatlari taqdim etish bilan birga, zarur tavsiyalar ham berildi. Tashrif davomida 4 ta xonadon vakillari tomorqasida issiqxona tashkil etish, 17 ta xonadon egasi chorva mollari, 2 ta xonadon sohiblari esa parranda boqish istagi borligini aytib, yordam so‘rab murojaat etdi. Ishchi guruhi a’zolari tomonidan ushbu fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatildi.
– Boshqarmamiz xodimlari aholi o‘rtasida tomorqachilikni rivojlantirish bilan cheklanib qolishmayapti, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nazirjon Polvonov. – Bu borada ular alohida o‘rnak ko‘rsatishmoqda. Masalan, boshqarmamiz hududida mo‘jazgina issiqxona tashkil etilgan bo‘lib, unda pomidor, bodring yetishtirilmoqda. Ayni kunda ekinlar hosilga kirgan. Shuningdek, yaqinda ikkinchi issiqxona ham tashkil etilib, unga 15 tup limon ko‘chati o‘tqazildi.
Aytish joizki, ishchi guruhi a’zolari aholi ishtirokida o‘tkazilayotgan uchrashuv va muloqotlarda yerlardan maqsadli va samarali foydalanib, yiliga kamida ikki-uch marta hosil olgan, chorva mollari va parranda bosh sonini ko‘paytirish borasida namunali ish olib borayotgan yer egalariga yer solig‘i stavkasining pasaytiruvchi koeffitsiyentini qo‘llash tarzidagi soliq imtiyozi berilganligini tushuntirmoqdalar. Agar buning aksi, ya’ni yer uchastkasi obodonlashtirilmasa, tomorqa yer egasiga joriy yil uchun yer solig‘ining uch barobar miqdorida hisoblanishi ham aytilmoqda.
Yurtimiz obodligi, oilalarimiz farovonligining muhim manbai bo‘lgan tomorqa xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan bunday ko‘lamli ishlar, albatta, o‘z samarasini beradi.