O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ikki qardosh, do‘st xalqning o‘zaro aloqalari mustahkamlanmoqda

2018-04-29 | Jamiyat

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on 2018 yil 29 aprel – 1 may kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi. Bu tashrif har ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni, qator sohalardagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishi shubhasiz. 

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbirining Turkiya teleradiokompaniyasi vakillari bilan bo‘lgan suhbati shu haqda bo‘ldi. 

Usmon Go‘kmen, Turkiya teleradiokompaniyasi Toshkent vakolatxonasi rahbari: 

– Turkiya teleradiokompaniyasi Toshkent vakolatxonasi qariyb o‘n uch yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shu yillar ichida O‘zbekistonning iqtisodiy, madaniy, turizm va boshqa ko‘pgina sohalariga oid yangiliklarni, mamlakatingizda o‘zkaziladigan nufuzli tadbirlarni, xalqaro konferensiyalarni, davlat tashriflarini yoritib, Turkiya televideniyesiga jo‘natyapmiz. Bundan tashqari, yurtingizning tarixiy maskanlari, muqaddas qadamjolari, dinimiz rivojiga bemisl hissa qo‘shgan buyuk ajdodlaringiz, o‘zbek xalqining hayoti, madaniyati, qadriyat va urf-odatlari, to‘y marosimlari, o‘zbek oshxonasining milliy va lazzatli taomlari, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari hayotiga oid qator xujjatli filmlar, ipakchilik sohasini, milliy matolar – atlas va adraslar haqida ko‘rsatuvlar tayyorladik. 

O‘zbek va turk xalqlari mushtarak madaniyatga ega, dini, tili, kelib chiqishi bir bo‘lgan millatdir. Shu bois, o‘zbek xalqining boy madaniy merosini turk va butun dunyo xalqlariga yaqindan tanitish maqsadida faoliyat olib boryapmiz. Yaqin kelajakda Iso Termiziy, Surxondaryodagi buddaviylar ibodatxonasi, Boysunning go‘zal tabiati, surxon folklor san’ati va ko‘pgina hali turk xalqiga ma’lum bo‘lmagan jihatlarni yoritishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. 

Turkiya turizm sohasida katta tajribaga ega. 1980 yildan beri mamlakatda turizm sohasiga katta e’tibor berib kelinmoqda. Hozirgi kunda Turkiya ushbu sohada dunyoning yetakchi davlatlar qatoridan joy olgan. O‘zbekiston va Turkiya mazkur sohada o‘zaro hamkorlik qilish, tajriba almashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga loyiq. O‘zbekistonga Turkiyadan keladigan fuqarolar uchun viza ishlarining soddalashtirilgani, har ikki davlat fuqarolari uchun ko‘pgina qulayliklarni yaratdi. O‘zbekistondan Turkiyaga borib, turizm sohasida tajriba almashish, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatining yaratilgani, Turkiyadan O‘zbekistonga Istanbul-Samarqand aviaqatnovining yo‘lga qo‘yilgani ham quvonarli holat. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil oktabr oyida Turkiyaga davlat tashrifi chog‘ida har ikki mamlakat rahbarlarining qator sohalarda hamkorlikni kengaytirish borasidagi kelishuvlari bunda muhim omil bo‘lmoqda. 

Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekistoning turizm salohiyati juda kuchli bo‘lishi barobarida, bu soha e’tibordan biroz chetda edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu borada ulkan islohotlarni amalga oshirmoqda. 

Bu ayni paytda O‘zbekistonga valyutaning kirib kelishini ta’minlasa, boshqa jihatdan standartlarning xalqaro talablarga javob berishini ta’minlaydi. Mehmonxonalar ortadi, ularning sharoiti ham dunyo standartlariga moslashadi. 

Turkiyaliklar O‘zbekistonga nafaqat sayyoh, balki ota yurtiga kelayotgandek o‘zgacha mehr bilan tashrif buyuradi. Biz o‘zbek millatini o‘z qardoshimiz, deb bilamiz. Buning asosida esa an’ana, urf-odat, qadriyatlarning mushtarakligi yotadi. O‘zbeklarning oilaparvarligi, ota-onaga bo‘lgan hurmati, mehmondo‘stlik fazilati bizga o‘xshash. Xalqingizning samimiyati va iliq munosabati tufayli Turkiyadan kelgan mehmonlar yurtingizda o‘zini begona his qilmaydi. 

O‘zbekistonning tabiati, tarixiy boy madaniyati biz uchun alohida o‘rin tutadi. Imom Buxoriy, Moturudiy, Naqshbandiy kabi buyuk insonlar o‘zbek xalqi uchun qanchalar qadrli bo‘lsa, biz, turklar uchun ham shunchalar qadrlidir. 

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik har ikki davlatga ham foyda keltiradi. Turkiyadan kelgan qardoshlar O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bilan yaqindan tanishadi, turkiyalik investorlarning O‘zbekistondagi faoliyatiga yo‘l ochiladi. Chunki, avvallari mavjud barcha sohalardagi to‘siqlar bartaraf bo‘lmoqda. 

Iqtisodiy rivojlanish faqat davlat rahbarlarining o‘zgarishi bilan bo‘lmaydi. Bunda xalq ham o‘zgarishi, yangiliklarga tayyor bo‘lishi, tezroq harakat qilishi kerak. Buni avvalambor, yoshlardagi shijoat orqali amalga oshirish mumkin. Ma’lumki, O‘zbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Yoshlarga keng imkoniyat yaratish kerak. Ularning qalbida jur’at va shijoatni kuchaytirish zarur. Insonlar o‘z dardlarini, muammolarini ayta olsinlar. Shundagina nima xohlayotganligini bilish mumkin bo‘ladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bejizga Xalq qabulxonalarini tashkil etmadi. 

Mamlakatingizning turizm salohiyatini butun dunyoga tanitish kerak. Bu esa jurnalistlarning zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Mamlakatingiz turizmini targ‘ib etuvchi ko‘proq ko‘rsatuvlar, eshittirishlar, maqolalar tayyorlash kerak. Biz bu borada hamkorlik o‘rnatishga, tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashishga har doim tayyormiz. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on 2018 yil 29 aprel – 1 may kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Davlat rahbari bilan birga 300 ga yaqin ishbilarmon doira vakillarining, katta sarmoyadorlarning kelishi kutilmoqda. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, iqtisodiy va boshqa sohalarda muhim shartnomalar imzolanishi rejalashtirilmoqda. Bu sohalarda xamkorlikni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarishiga ishonchim komil. 

Mehmet Janpo‘lat, Turkiya teleradiokompaniyasi Toshkent vakolatxonasi muxbiri: 

– Jurnalist sifatida dunyoning ko‘p davlatlarida bo‘lganman. Lekin o‘zbek xalqichalik samimiy insonlarni uchratmadim. Kelganimga 4 oy bo‘ldi. Lekin, xuddi 40 yildan beri bu yerda istiqomat qilayotgandekman. Shu vaqt ichida amin bo‘ldimki, Turkiya O‘zbekiston va o‘zbek xalqi bilan hamkorlikka katta istak bildirmoqda. Bu esa, O‘zbekistonning geosiyosiy joylashuvi, Ipak yo‘li chorrahasida joylashgani, qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro yaqin munosabati, qolaversa, iqtisodiy salohiyatga ega ekani tufaylidir. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil oktabr oyida Turkiyaga davlat tashrifi ikki qardosh, do‘st xalqning o‘zaro aloqalarini sezilarli darajada mustahkamladi. 

O‘zbekistonning boy tarixiy merosi agar Yevropada yoki AQShda bo‘lganda edi, 50 million sayyoh ziyoratga kelgan bo‘lardi. Yurtingizning Samarqand, Xiva, Buxoro, Termiz kabi qadim shaharlari, o‘ziga xos madaniyati bor. Dunyodagi boshqa shaharlarga, masalan, Parijning Eyfel minorasini ko‘rishga 60 million sayyoh borsayu, O‘zbekistonga 100 million sayyoh kelmasa? 

Prezident Shavkat Mirziyoyev uzoqni ko‘ra oladigan, dono siyosatchi sifatida turizm sohasidagi kamchilik va muammolarni ko‘ra oldi va ularni bartaraf etish uchun qator qaror va farmonlarni qabul qildi. 

O‘zbekiston Turkiya bilan turizm sohasida har tomonlama aloqalarni mustahkamlamoqda. Turkiya bilan barcha sohalarda, xususan, iqtisodiyotga investitsiya jalb etish borasida katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Investorlarga barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Bu kabi xabarlarni mamnuniyat bilan tayyorlaymiz. 

O‘zbekistonda 500 yaqin turk firmalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi esa 1,5 milliard dollarni tashkil etmoqda. Yaqin kelajakda bu raqamni 5 milliard dollarga yetkazish mumkin. Chunki, O‘zbekiston yer osti va yer usti boyliklariga, yuksak iqtisodiy salohiyat va qudratga ega davlat. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi bu borada o‘zining ijobiy natijalarini berishiga ishonaman. 

 

 

Bayram Aytmurodov suhbatlashdi, O‘zA 

Поделиться