O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Federal soliq xizmati bilan uchrashuv – hamkorlik tendensiyalari
2018-04-29 | Iqtisodiyot
Soliq ma’murchiligini isloh qilish, soliq va fiskal siyosatni takomillashtirish va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Federal soliq xizmati delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida delegatsiya vakillari Yashnobod davlat soliq inspeksiyasida, soliq to‘lovchilarga ko‘rsatiladigan interaktiv xizmatlar bilan tanishdilar.
Shuningdek, Federal soliq xizmati delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri, Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida soliq sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, soliq to‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilaydigan elektron xizmatlar va dasturiy ta’minotning yangi turlarini joriy etish masalalari muhokama etildi. Shu bilan birga, Rossiyalik mehmonlar poytaxtimizdagi bozorlar va yirik savdo markazlari bilan tanishdilar.
Ishchi tashrifi davomida soliq ma’muriyatchiligi sohasida islohotlarni amalga oshirishda, soliq va byudjet siyosatini takomillashtirishda amaliy yordam ko‘rsatish masalalari ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, bu Rossiya Federal soliq xizmati vakillarining so‘nggi ikki oy davomida mamlakatimizga uchinchi tashrifi bo‘lib, shu kabi uchrashuvlarda ham har ikki davlatning soliqqa tortish sohasidagi o‘zaro samarali hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish yuzasidan takliflar muhokama qilingan.