O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
"Xalqaro intellektual mulk kuni va "Best IP - 2018" tanlovi yakunlari"ga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi
2018-04-26 | Jamiyat
Agentlik tomonidan 2018 yil 26 aprel kuni Toshkent shahridagi "Sity Palace" mehmonxonasida Xalqaro intellektual mulk kuni va "Best IP - 2018" - eng yaxshi intellektual mulk ob'ekti uchun tanloviga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi.
Ma'lumki, 2001 yildan boshlab butun dunyoda 26 aprel kuni Xalqaro intellektual mulk kuni sifatida nishonlanib keladi va har yili Butunjahon intellektual mulk tashkiloti ushbu bayram kunini o'zgacha bir nom bilan ataydi. 2018 yilgi bayram tadbirlari "O'zgarishlar uchun quvvat manbai: Ijodkor va innovator ayollar!" degan mavzusiga bag'ishlandi.
Agentlik tomonidan boshqa yillar kabi Xalqaro intellektual mulk kuni munosabati bilan bir qator tadbir va tanlovlar o'tkazilmoqda. Jumladan, bu yil respublikada ixtirochilik va ilmiy-texnikaviy ijodiyotni rag'batlantirish, innovasion faoliyatni rivojlantirish, yangi texnika, texnologiya va raqobatbardosh mahsulotlarni yaratishga ko'maklashish, ixtirochilikni faollashtirish va qo'llab-quvvatlash maqsadida Respublikada eng yaxshi intellektual mulk ob'ektlarini aniqlash va rag'batlantirish uchun "Best IP - 2018" tanlovini e'lon qildi. Tanlovga "Eng yaxshi ixtiro", "Eng yaxshi foydali model", "Eng yaxshi sanoat namunasi", "Eng yaxshi seleksiya yutug'i", "Eng yaxshi EHM uchun dastur va ma'lumotlar bazasi" hamda "Yoshlar o'rtasida eng yaxshi EHM uchun dastur muallifi" nominasiyalari bo'yicha talabnomalar qabul qilindi.
Tanlovda qatnashish uchun Agentlikka barcha nominasiyalar bo'yicha jami 188 ta talabnoma kelib tushdi, jumladan, ixtirolarga 40 ta, foydali modellarga 22 ta, sanoat namunalariga 27 ta va seleksiya yutuqlariga 7 ta, shuningdek tanlovning Eng yaxshi EHM uchun dastur va ma'lumotlar bazasi bo'yicha 92 ta, hamda Yoshlar o'rtasida eng yaxshi EHM uchun dasturi muallifi nominasiyalari bo'yicha 17 ta talabnomalar kelib tushdi.
Tanlov komissiyasi barcha ob'ektlar bo'yicha topshirilgan talabnomalarni Tanlov Nizomida keltirilgan mezonlarga muvofiq ko'rib chiqdi va tanlov g'oliblari aniqlandi.
Aynan bu yilgi bayram tadbirlarini ayol-ixtirochilarimizga bag'ishlanganligi, hamda tanlov nominantlari orasida ayol mualliflarimiz ham borligi quvonarli holat. Jumladan, "Eng yaxshi ixtiro" nominasiyasi bo'yicha 3 o'rin "Stomatologik plombalovchi mahsulotning tarkibi" nomli patent muallifi yosh ixtirochi Ruzibaeva Azizaga, "Eng yaxshi sanoat namunasi" nominasiyasi bo'yicha 2 o'rin "Velosipedchi uchun sport kiyimi" nomli patent mualliflari Nigmatova Fotima va Kasimova Azizalarga nasib etdi.