O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston xalq artisti Shuhrat Abbosov
2018-04-26 | Siyosat
O‘zbek madaniyati va san’ati og‘ir judolikka uchradi.
Milliy kinematografiyamizning atoqli namoyandasi, ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Shuhrat Abbosov shu yil 25-aprelda 87 yoshida vafot etdi.
Shuhrat Solihovich Abbosov 1931-yil 16-yanvarda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ildi. O‘rta maktabni tamomlagach, 1949-yili Toshkent tibbiyot texnikumi, 1954- yili Toshkent teatr san’ati davlat instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ning rejissyorlik fakultetini tamomladi.
Iste’dodli san’atkor o‘z mehnat faoliyatini Yangiyo‘l shahridagi Toshkent viloyati musiqiy drama teatrida rejissyor sifatida boshladi. 1958 yili "Mosfilm" studiyasi qoshidagi Oliy rejissyorlik kursini tamomladi. 1982-1986 yillarda "O‘zbekfilm" kinostudiyasida rejissyor, keyinchalik direktor, O‘zbekiston kinematograflari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qildi.
O‘zining 60 yildan ziyod ijodiy faoliyati davomida milliy teatr va kino san’ati rivojiga katta hissa qo‘shgan Sh.Abbosov tomonidan yaratilgan "Maysaraning ishi", "Og‘riq tishlar" kabi spektakllar, "Sen yetim emassan", "Mahallada duv-duv gap", "Toshkent – non shahri", "Abu Rayhon Beruniy" singari badiiy filmlar san’atimizning "oltin fondi"dan munosib va mustahkam o‘rin egalladi. Betakror ijodiy mahorat bilan yo‘g‘rilgan ushbu asarlar o‘zbek xalqining qadimiy va boy tarixini, uning olijanob insoniy fazilatlarini butun dunyoga tarannum etishga ulkan hissa qo‘shdi.
O‘zbek madaniyati tarixida muhim voqea bo‘lgan mazkur kinolentalar ko‘plab nufuzli xalqaro kinofestivallarda sovrinli o‘rinlar va diplomlar bilan taqdirlangan edi.
Shuhrat Abbosov mohir va tajribali pedagog, talabchan ustoz sifatida ham samarali faoliyat ko‘rsatib, kino san’ati sohasida o‘nlab iste’dodli yoshlarni tarbiyalashda bilim va iste’dodi, kuch-g‘ayratini ayamasdan mehnat qildi.
Shuhrat Abbosovning o‘zbek kino va teatr san’atini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U "O‘zbekiston xalq artisti" faxriy unvoni, Davlat mukofoti, "El-yurt hurmati" ordeni va boshqa qator orden va medallar bilan mukofotlangan edi.
Kamtarin inson, taniqli san’atkor, mehribon ustoz Shuhrat Abbosovning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi.