O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan islohotlar

2018-04-26 | Jamiyat

Poytaxtimizda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan “Harakatlar strategiyasi va kuchli ijtimoiy siyosat: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi” mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etildi. 

Unda kasaba uyushmalari sohasidagi xalqaro tashkilotlar mutasaddilari, 30 dan ortiq davlatlarning olim va ekspertlari, yurtimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xorijiy vakolatxonalar rahbarlari, kasaba uyushmasi sohasi mutaxassislari, huquqshunoslar, olimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi Q.Rafiqov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burhonov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.Kudbiyev va boshqalar mamlakatimizda odamlar manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz hayotini yanada farovon etish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar yurtdoshlarimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidladi. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilib, hayotga izchil joriy etilayotgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida davlat qurilishini va sud-huquq tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish va rivojlantirish, millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlash bilan birga ijtimoiy sohani izchil ravnaq toptirishga ustuvor masala sifatida yondashilmoqda. Ayni jihatlar milliy qonunchiligimizning muttasil takomillashib borayotganida, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, aholining ehtiyojmand qatlamlarini kuchli ijtimoiy muhofazalash, ko‘rsatilayotgan ko‘makning aniq, manzilli, shaffof, samarali bo‘lishini ta’minlashga doir ishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida har bir fuqaroning taklif va murojaatini o‘rganish bilan bog‘liq amaliy ishlar dolzarb masalalarga o‘z vaqtida yechim topish imkonini beryapti. 

Xalqaro Mehnat byurosining bosh direktori Gay Reyderning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida qayd etilganidek, O‘zbekistonda kechayotgan shiddatli islohotlar xalqaro miqyosda ham qiziqish uyg‘otayotir. Bu jihatlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida ham yaqqol o‘z ifodasini topgan. Bugungi kunda O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti bilan uzviy hamkorlik o‘rnatgan va bu borada yetakchi pozitsiyaga ega bo‘lgan mamlakat sanaladi. 

Xalqaro mehnat tashkilotining mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha byurosi(ACTRAV) direktori Mariya Helena Andrening ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar aholini kuchli, aniq va manzilli ijtimoiy himoyalash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson huquqlarini himoyalash, islohotlarga davlat idoralari bilan birga jamoat tuzilmalarini ham jalb etishda namoyon bo‘lmoqda. 

Bu jihatlar Kasaba uyushmalari federatsiyasi faoliyatida ham ko‘zga tashlanmoqda. Yurtimizdagi yetakchi jamoat tuzilmasi sanalgan mazkur tashkilot nainki mehnatkashlar uchun munosib ish sharoitlarini yaratish, balki xodimlar bilan birga ularning oila a’zolari manfaatlarini himoyalash, salomatligini asrash, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bu yo‘nalishdagi tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Savdo-sanoat palatasio‘rtasida imzolangan Bosh kelishuvga kiritilgan, mazkur hujjat asosida 100 dan ortiq tarmoq, 14 ta hududiy kelishuv va bevosita korxona, tashkilot va muassasalarda 171 mingdan ortiq jamoa shartnomalarida o‘z aksini topgan. 

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari mazkur lokal hujjatlarga muvofiq xodimlarning real daromadlarini bosqichma-bosqich oshirish, mehnat bozorida talab katta bo‘lgan kadrlarni tayyorlash tizimini kengaytirish, ish bilan band bo‘lmagan aholi vakillarini kasbga o‘qitish va qayta tayyorlash ishlarida hamkorlik qilmoqda. Kasaba uyushmalari federatsiyasining dasturiy hujjatlariga muvofiq, aholining ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoyalashga ko‘maklashish, yolg‘iz keksalar, nuroniylar, tibbiy ko‘makka muhtoj odamlar, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda davlat organlari, ish beruvchilar bilan hamkorlik qilish, bandlikning noan’anaviy shakllaridagimashg‘ul kishilarva ularning oila a’zosini ijtimoiy himoyalashga ham katta e’tibor qaratilmoqda.

– O‘zbekistondek ajoyib diyorga kelganimdan g‘oyat mamnunman, – deydi norvegiyalik ekspert, iqtisodchi olim Erik Raynert. – Kecha Samarqand shahrini ko‘rish imkoniga ega bo‘ldik. Bu yerda avvalgi zavod o‘rnida Yaponiya bilan hamkorlikda qo‘shma korxona barpo etilgani, unda ishlab chiqarish, bandlikni ta’minlash kabi dolzarb masalalar munosib tarzda hal etilgani e’tiborga molikdir. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tashabbus qilingan ezgu islohotlar davlat idoralari, jamoat tuzilmalari, odamlar tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. 

– Yurtingizdagi islohotlar aholining barcha qatlamlari hayotida, ongu tafakkurida yuz berayotganiga guvoh bo‘ldik, – deydi Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi Umumevropa mintaqaviy kengashining ijrochi kotibi Anton Leppik. – Bu ijobiy o‘zgarishlar ochiqligi, kamchiliklarga murosasizligi, oddiy odamlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga, aholining turmush tarzi farovonlashuviga yo‘naltirilganida yaqqol sezilmoqda. Davlat organlari bilan birga jamoat tuzilmalari qatorida kasaba uyushmalari ham ezgu o‘zgarishlarda faollik ko‘rsatayotgani diqqatga sazovor. 

– Tibbiyot, ijtimoiy muhofaza, ta’lim, sud-huquq sohalaridagi tubo‘zgarishlar jarayonida O‘zbekiston o‘ziga xos yo‘ldan borayotgani, bunda odamlarning maqsad-muddaolari e’tiborga olinayotganining guvohi bo‘ldik, – deydi Malayziya kasaba uyushmalari kongressi raisi Tan Eng Xong. – Kam ta’minlangan oilalarni arzon uy-joylarbilan ta’minlash, mehnat jamoalarida farzand ko‘rish arafasidagi ayollar uchun yaratilgan imtiyozlar menda katta taassurot qoldirdi. 

Birinchi yalpi majlisdan so‘ng konferensiya ishi “Aholining real daromadlari hamda bandligi darajasini izchil oshirib borish”, “Aholining ijtimoiy himoyasi va sog‘lig‘ini muhofaza qilish davlat tizimini takomillashtirish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish”, “Aholining turmush sifati: arzon uy-joylar qurish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiyalash bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish”, “Ta’lim va fan sohasidagi yoshlarga oid davlat siyosati: milliy, xorijiy va xalqaro tajriba” mavzularida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Xalqaro konferensiya doirasida xorijlik ekspertlar yurtimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, sog‘liqni saqlash sohasidagi ishlar, ta’lim, ijtimoiy infratuzilma, arzon uy-joylar, ish joylaridagi mehnat sharoitlari, davlat organlari, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar hamkorligi to‘g‘risida aniq tasavvurga ega bo‘lish maqsadida Toshkent va Samarqand viloyatlariga tashrif buyurdilar. Ijtimoiy obyektlarda fuqarolar uchun mavjud imtiyoz va imkoniyatlar, mehnat joylarida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, davlat organlari, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ijtimoiy sherikligi natijasida xodimlar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi amaliy ishlarbilan yaqindan tanishdilar. 

Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi –O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.Akmalov ishtirok etdi. 
 

Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA

Поделиться