“Manas”dagi 26 ko‘chada mingdan ortiq xonadon joylashgan. Aholining yashash tarzini kuzatish, huquqiy va tibbiy madaniyatni oshirish, sanitariya-gigiyena holatlariga rioya qilish, atrof-muhitga va tabiiy resurslarga oqilona munosabatda bo‘lish, muomala va kiyinish odobi xususida suhbatlashish uchun davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari xonadonlarda bo‘lishdi. Bu tadbirlarni Adliya vazirligi muvofiqlashtirmoqda.
Shuningdek, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida “Manas” qishlog‘i Madaniyat saroyida o‘zbek milliy raqs ansambllari, etnografik folklor guruhlari va san’atkorlarning chiqishlari, bolalar uchun qo‘g‘irchoq teatri, aholi uchun “Merosxo‘r” badiiy filmining premyerasi namoyish etildi.
Premyera oldidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 13-aprelda qabul qilingan “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, “Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun mohiyati, pensiya tayinlash tartiblari, tomorqadan unumli foydalanish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish borasidagi yangiliklar haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, viloyat adliya boshqarmasi “Manas” qishlog‘ining ikkita umumiy o‘rta ta’lim maktabini 9-10-sinf o‘quvchilariga erta turmush qurishning salbiy oqibatlarini tushuntirdi. 10 dan ortiq turdagi uch mingdan ziyod buklet, flayer va boshqa turli yozma targ‘ibot materiallari tarqatildi. 6-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida esa mini futbol, voleybol, stol tennisi va shaxmat bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.
Ana shu tadbirlar doirasida “Obod qishloq odamlarining qalbi ham obod, madaniyati ham yuksak bo‘ladi” shiori ostida “Xalq sayli” o‘tkazildi.
Saylda aholining sportga qiziqishini yanada oshirish maqsadida qishloq hududi bo‘ylab yoshlar va keksalar o‘rtasida yugurish marafoni o‘tkazildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat tashkilotlari rahbarlarining sayyor qabullari, targ‘ibot va tashviqot ko‘rgazmalari o‘tkazildi.
“Obod xonadon”, “Ibratli qaynona va kelin” “Eng ziyoli oila” nominatsiyalari va maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Yosh kitobxon” ko‘rik- tanlovi o‘tkazildi. G‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Bu kabi tadbirlar “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan boshqa hududlarda ham davom ettiriladi.