O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat xaridi nima?
2018-04-24 | Jamiyat
2018-yil 10-apreldan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni kuchga kirdi.
Davlat xaridi nima ekanini tushunib olish uchun qonunda aks etgan asosiy tushunchalarga e’tibor qaratamiz.
Qonunga ko‘ra, davlat xaridi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) davlat buyurtmachilari tomonidan pulli asosda olishdir. Davlat buyurtmachisi esa davlat xaridlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxsdir.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan mazkur yangi qonun mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminarda shu haqda so‘z bordi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Matbuot va axborot agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda matbuot xodimlari va nashriyotlar rahbarlari, ekspertlar ishtirok etdi.
– Qonunda davlat xaridlari tizimining huquqiy jihatlari, asosiy prinsiplari ochib berilgan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev. – Loyiha boshqaruvi milliy agentligi davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ sifatida belgilangan.
Davlat xaridlari tartib-taomillarini amalga oshirish, rejalashtirish, davlat xaridlari bo‘yicha monitoring va shartnomaning tuzilishi kabi jihatlar qamrab olingan.
Elektron do‘kon orqali xarid qilish, elektron do‘konning ish tartibi va undan foydalanishga oid masalalar batafsil yoritilgan. Davlat xaridlari bo‘yicha tanlov va tenderlarni o‘tkazish mezonlari aniq belgilab qo‘yildi.
Endilikda xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazorati ochiqlik va shaffoflik prinsiplarini ro‘yobga chiqarish vositasida amalga oshiriladi.
Shu o‘rinda “Elektron do‘kon” tushunchasiga aniqlik kiritsak. Bu maxsus talablar tatbiq etilmaydigan iste’mol tovarlarining va boshqa tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlarini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan maxsus axborot portalidagi maxsus maydonchadir.
Elektron do‘kon ishtirokchilarning takliflaridan shakllantiriladi. Ishtirokchining elektron do‘konga qo‘yilgan taklifi davlat buyurtmachilariga yuborilgan ommaviy ofertadir.
Qonun davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini yanada oshiradi. Byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar mablag‘laridan, hukumat kafolati ostida olingan kredit resurslaridan samarali hamda oqilona foydalanishga yo‘l ochadi. Korrupsiya holatlarining oldini olish, shuningdek, ijro intizomini mustahkamlash, eng avvalo, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish va xalq farovonligini yuksaltirish borasida ko‘zda tutilgan islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda muhim huquqiy asos bo‘ldi.
Norgul Abduraimova, O‘zA