O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sud majlislarida videokonferensaloqadan foydalaniladi

2018-04-24 | Jamiyat

Prezident joriy yil 18-aprelda imzolagan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga tegishli tartibda qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.

Mazkur hujjat bilan jinoiy sud ishlarini yuritish takomillashdi. Sudlar faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini kengroq qo‘llashga imkoniyat yaratildi. Ayniqsa, sud majlisida videokonferensaloqa tizimi joriy qilingani sudlar faoliyatida odil sudlovga erishishni kafolatlash bilan birga, sudlar shaffofligini ta’minlaydi. Sud ishlari ko‘rilishining tezkorligini oshiradi. Shu bilan birga, mazkur tizim sudlar faoliyatiga taalluqli tashkiliy masalalar bilan bog‘liq ma’lumotlarni tezkorlik bilan yetkazilishiga, yig‘ilish, seminar va konferensiyalarni masofaviy tarzda o‘tkazilishiga xizmat qiladi.
 
Ushbu tartibning yana bir afzalligi shundaki, boshqa hududda yashayotgan jinoyat protsessi ishtirokchilarining moddiy mablag‘ hamda vaqt sarf qilinishining oldi olinadi.
 
Qonunda barcha sudlarda jinoyat ishlarini oshkora ko‘rishga alohida e’tibor qaratilgani inson manfaatlari muhofazasiga oid yana bir afzallik deyish mumkin. Xususan, sudlarda jinoyat ishlarini oshkora ko‘rish sudning tashabbusi bilan yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasiga ko‘ra audio yoki videoyozuvdan foydalangan holda o‘tkazilishi mumkin.
 
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlarni, shuningdek, fuqarolarning shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlarni yoki ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik maqsadida hamda jabrlanuvchining, guvohning yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning, xuddi shuningdek, ular oila a’zolarining yoki yaqin qarindoshlarining xavfsizligini ta’minlash taqozo etilgan hollarda boshqa ishlarni sud ajrimi bilan yopiq sud majlisida ko‘rishga yo‘l qo‘yiladi.
 
Sudlar zarur hollarda ommaviy axborot vositalari xodimlarini, tegishli jamoat birlashmalarini va jamoalarni bo‘lajak protsesslar to‘g‘risida xabardor qilishi, shuningdek, protsesslarni bevosita korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ta’lim muassasalarida o‘tkazishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, sudlov faoliyatida oshkoralikni ta’minlashga xizmat qiladi.
 
Endilikda sudning qonuniy kuchga kirgan qarorlari (yopiq sud majlislarida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud qarorlari bundan mustasno) jinoyat protsessi ishtirokchilarining roziligi bilan yoki shaxsini ko‘rsatmagan tarzda sudning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
 

Farhod Esonov, O‘zA

Поделиться