O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yuzma-yuz muloqotlar amaliy ruhda o‘tmoqda
2018-04-24 | Jamiyat
Parlament vakillaridan iborat ishchi guruh Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida ham ish boshladi. Hududlardagi haqiqiy holatni o‘rganish, aholi bilan jonli muloqotlar olib borish, saylovchilarning fikr-mulohazalari va takliflari bilan tanishish uchrashuvlarning asosiy mezoniga aylangan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Yakubov a’zo bo‘lgan ishchi guruh aholi bilan muloqotni “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘inidan boshladi. Yuzma-yuz uchrashuvlarda fuqarolar tomonidan bildirilgan muammolar deputat aralashuvi bilan o‘z yechimini topmoqda.
– Turmush o‘rtog‘im bir necha yildan buyon og‘ir bemor, bor-yo‘g‘i 400 ming so‘m pensiya oladi, – deydi Al-Farg‘oniy ko‘chasida yashovchi Shahzoda Jo‘rayeva. – Uni vaqti-vaqti bilan davolatib turishimiz kerak. Biroq mablag‘ yetishmovchiligi bunga imkon bermayapti. Shu masalada yordam so‘ramoqchi edim.
Ishchi guruh a’zolari darhol telefon orqali viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan bog‘lanishdi. U yerdagilarga masalaning mohiyati tushuntirildi va holatni o‘rganib, yordam berish yuzasidan va’da olindi.
Muloqotlarda Roziya Abdullayeva va Shahzoda Jo‘rayeva uy-joy bilan bog‘liq muammoni o‘rtaga tashladilar. Ma’lum bo‘lishicha, har ikki oila ko‘p bolali bo‘lgani uchun qiyin vaziyat vujudga kelgan. MFY raisi Muhabbat Abdurahmonova bu masalani nazoratga olib, tuman hokimligiga murojaat etiladigan bo‘ldi. Shuningdek Chorvador ko‘chasidagi ichimlik suvi muammosi ham deputatlik nazorati ostiga olinib, tegishli mutasaddilar e’tiboriga havola etildi.
Uchqo‘rg‘on tumanidagi o‘rganishlar qizg‘in davom etmoqda.