O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Pokiston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv to‘g‘risida
2018-04-24 | Siyosat
2018-yilning 23-aprel kuni Pekin shahrida tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Xavaja Muhammad Asif bilan uchrashdi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida vazirlar O‘zbekiston-Pokiston kun tartibidagi, BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doiralaridagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan dolzarb masalalar borasida fikr almashdilar.
Uchrashuvda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar deyarli barcha o‘zaro manfaatli sohalarda faollashdi. Bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi.
Tadbirkor delegatsiyalarining tez-tez uchrashishlari natijasida 100 million AQSh dollariga teng shartnomalar imzolandi. Shuningdek, sayyohlik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar jadal tus oldi va samarali bo‘ldi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida 2018-yilning 26-27-mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyanining muvaffaqiyatli natijalari ta’kidlandi va mintaqa uchun muhim bo‘lgan ushbu sohada konstruktiv hamkorlik qilishga tomonlar tayyor ekanligi tasdiqlandi.