O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkmaniston milliy ko‘rgazmasi – ikki davlat hamkorligining yangi istiqbollari
2018-04-24 | Iqtisodiyot
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Toshkentda Turkmaniston milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda qo‘shni davlatning yetakchi korxonalari, kompaniya va tashkilotlari, yirik tadbirkorlik subyektlari ishtirok etib, milliy mahsulotlar, iqtisodiyot sohasidagi ilg‘or texnologiyalar, xizmatlarni namoyish etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston milliy ko‘rgazmasi ishtirokchilari va mehmonlariga qutlov yo‘lladi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Prezident qutlovini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.Otajonov o‘qib eshittirdi.
Qutlovda O‘zbekiston va Turkmaniston – strategik sheriklar ekani, xalqlarimizni ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, umumiy tarix, din va til, madaniyat, urf-odat va an’analar mushtarakligi bog‘lab kelayotgani, bugungi kunda mamlakatlarimiz biznes hamjamiyatlari o‘rtasidagi izchil ishbilarmonlik aloqalari hamda hududlararo mustahkamlanib borayotgan hamkorlik doirasida keng istiqbollar ochilayotgani ta’kidlangan.
Turkmaniston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar va savdo vaziri D.O‘rozmurodov turkmanistonlik ishbilarmonlar uchun O‘zbekiston muhim savdo-iqtisodiy hudud ekani, Buyuk ipak yo‘lining savdo-sotiq rivojlangan manzilida joylashgan mamlakatlarimiz tadbirkorlari hamkorligining mustahkamlanib borayotgani esa teng manfaatli rivojlanishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorlik munosabatlari yangi bosqichda mustahkamlanib bormoqda. Bu borada ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlarning birgalikda amalga oshirilayotgani hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi sezilarli oshdi. Turli iqtisodiy tarmoqlarda kooperatsiya aloqalari yuksaldi. Bundan bir oy oldin Ashxobodda Turkmaniston Prezidentining bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘tkazilgan O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasi va unda erishilgan ko‘p qirrali kelishuv bitimlari fikrimiz dalilidir.
Turkmaniston milliy ko‘rgazmasida neft va kimyo, to‘qimachilik, tibbiyot sanoati, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish mollari, transport va logistika, sport va turizm, ilmiy-texnika, ta’lim sohasidagi yutuqlar, xizmatlar namoyish etilmoqda. Turkman gilamlari, kasanachilik, baliqchilik sanoati, dunyoga mashhur axaltekin otlari naslchiligi tadqiqotlari katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Turkmanistonda baliqchilik sanoati rivojlanishining asosiy manbai Kaspiy dengizi hisoblanadi. Bugun mamlakat suv havzalarida baliqning 50 dan ortiq turini uchratish mumkin.
– Turkmanistonda baliq va dengiz mahsulotlarini qayta ishlash sanoati yaxshi rivojlangan. Tadbirkorlarimiz baliq va baliq mahsulotlarini qo‘shni respublikalarga eksport qiladi, – deydi Turkmaniston Baliq sanoati davlat qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Gayir Gayipov. – Ko‘rgazmada xususiy tadbirkorlarimiz ham ishtirok etmoqda. Ular O‘zbekiston bozorini o‘rganib, hamkorlik qilish istagida kelishgan. Xususan, o‘zbekistonlik hamkasblarimizning baliqchilik sohasida zarur xomashyo mahsulotlari, qadoqlash moslamalari, yangi texnologiyalar ishlab chiqarish tajribasini o‘rganishni rejalashtirganmiz.
Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov taklifi bilan 2018 yil mamlakatda “Turkmaniston – Buyuk ipak yo‘lining yuragi” degan shior bilan o‘tmoqda. Bunda mamlakatda turizmni rivojlantirishga ham asosiy e’tibor qaratilmoqda. Ko‘rgazmada Turkmaniston Turizm davlat qo‘mitasi vakillari ishtirok etmoqda.
Ulug‘bek Asrorov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA