Ulkan ma’naviy obida, madaniyat durdonasi bo‘lgan qadimiy qo'lyozmalar kitob holida chop etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida qadimiy madaniyat va sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lgan yurtimiz zaminidan o‘rta asrlarda minglab olimu ulamolar, buyuk mutafakkir va shoirlar, aziz-avliyolar yetishib chiqqani va ularning aniq fanlar va diniy ilmlar sohasida qoldirgan bebaho merosi, butun insoniyatning ma’naviy mulki ekanini aytib o‘tgan edilar.
Hozirgi kunda O‘zbekistonning kitob fondlarida 100 mingdan ziyod qo‘lyozma asarlar saqlanayotgani va bu nodir kitoblar hali to‘liq o‘rganilmagani, ular olimlar hamda o‘z o‘quvchilarini kutib turgani, ushbu noyob asarlarda bugungi davr o‘rtaga qo‘yayotgan juda ko‘p dolzarb masalalarga javob topish mumkinligi aytilgan. Xususan, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib beradigan, barcha odamlarni ezgulik, mehr-oqibat va hamjihatlik yo‘lida birlashishga da’vat etadigan teran ma’noli fikr va g‘oyalar bugun ham o‘z qimmati hamda ahamiyatini yo‘qotmaganligini ham ta’kidlab o‘tgan edilar.
Yurtboshimiz tomonidan qo‘yilgan mana shu vazifalarni bajarish maqsadida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosim doirasida tomonlar O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 24 maydagi PQ-2995-son hamda «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida» 2017 yil 13 sentyabrdagi PQ-3271-son qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari bo‘yicha kelishib olindi.
Marosimda buyuk alloma va mutafakkirlarimiz asarlarini dunyo mamlakatlari bo‘ylab keng targ‘ib etish, ularni har tomonlama o‘qish-o‘rganish, xalqimiz, avvalo, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarga, jahon hamjamiyatiga yetkazish va zamonaviy ilm-fan, ma’naviyat rivojida undan samarali foydalanish hamda ulkan ma’naviy obida, madaniyat durdonasi bo‘lgan arab, fors, eski o‘zbek tili va boshqa sharq tillarida bitilgan qadimiy qo‘lyozmalar, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlarni kitob holida chop etishni keng rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Zaminimizda yetishib chiqqan alloma va mutafakkirlar ilm-fanning aniq, tabiiy, gumanitar sohalari va islom ilmlari bo‘yicha yaratgan asarlarini keng ommaga taqdim etish choralari belgilandi.
Hamkorlik doirasida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan birgalikda respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar, seminar-trening, davra suhbatlari, xalqaro grant loyihalari va boshqa tadbirlarni muntazam tashkil etishga kelishib olindi.