O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Do‘stlik millat tanlamaydi
2018-04-23 | Jamiyat
Surxondaryo viloyati turkman milliy madaniy markazi vohada istiqomat qilayotgan boshqa millat vakillari bilan o‘zaro do‘stlik va birodorlik rishtalarini mustahkamlashda o‘ziga xos robita vazifasini o‘tamoqda.
– Viloyatda barcha millat vakillari bilan ahil, inoq yashab kelmoqdamiz, – deydi viloyat turkman milliy madaniy markazi rahbari Q.Ahmedov. – O‘zbeklar bilan qadimdan quda-anda bo‘lib ketganmiz. Viloyatda istiqomat qilayotgan o‘ttiz mingga yaqin turkman xalqining boshqa millat va elat vakillari singari munosib turmush kechirishi, milliy qadriyatlarini asrab-avaylashi va rivojlantirishi, farzandlarimizning ta’lim olishi, iste’dod hamda salohiyatini keng namoyon etishi uchun teng sharoit yaratilgan. Bunday imkoniyatlardan foydalanyotgan xalqimiz turli sohalarda samarali mehnat qilib, hududni iqtisodiy-ijtimoiy yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Ko‘p millatli O‘zbekistonda tinchlik, osudalikni saqlash va yurt farovonligini ta’minlashda faol ishtirok etayotir.
Vohada tashkil etilayotgan do‘stlik festivallari, ko‘rik-tanlov va boshqa madaniy tadbirlarda turkman milliy madaniy markazining milliy libos va jihozlari ko‘rgazmalari, jozibador kuy-qo‘shiqlari, tansiq taomlari barchada katta qiziqish o‘yg‘otayotgani e’tiborga molikdir.
Ayni paytda viloyatda turkman millatiga mansub tadbirkorlar, fermerlar hududni iqtisodiy rivojlantirishga munosib ulush qo‘shayotgan bo‘lsa, qo‘li gul xotin-qizlarning nafaqat qadimiy turkman milliy gilamlarini to‘qish balki, bu hunar sirlarini boshqa millat vakillariga qunt bilan o‘rgatayotgani ham ahamiyatlidir. Ta’lim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning sohani yuksaltirishda alohida o‘rni bor. Qardosh turkman xalqi yaratilgan bunday imkoniyatlardan haqli ravishda faxrlanadi.
– O‘zbek va turkman xalqi ikki tilda so‘zlashuvchi bir millat, – deydi Termiz davlat universiteti dotsenti Q.Allanov. – Dinimiz bir, urf-odatlarimiz bir-biriga juda o‘xshash. Ko‘p yillardan buyon Termiz davlat universitetida o‘zbek, tojik, turkman va boshqa millat farzandlariga ta’lim-tarbiya berib kelmoqdaman. Buning uchun oliy ta’lim muassasamizda barcha qulaylik yaratilgan. Biz, barcha millat vakillari bilan obod va to‘kin turmush kechirib, shu yurtda amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangilanishlarga daxldorlik hissini tuyib yashayotganimizdan g‘ururlanamiz. Bularning barchasi O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni ta’minlash, inson manfaatlarini ulug‘lash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA