O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkmaniston Prezidenti Toshkentga yetib keldi
2018-04-23 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 23-24-aprel kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov kutib oldi.
Oliy darajadagi uchrashuvlar va muzokaralarda ko‘p qirrali O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash masalalari, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Tashrif dasturida davlat rahbarlarining Toshkent shahridagi Ashxobod bog‘ining ochilish marosimida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Ushbu maskan mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarining yorqin ramzlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Shuningdek, chegaradosh Xorazm viloyatiga tashrif ham rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchi iqtisodiy tuzilmalarining biznes-forumi bo‘lib o‘tadi.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ta’lim va sport sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan salmoqli hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.