O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Prezident ishonchi–ham sharaf, ham mas’uliyat

2018-04-18 | Jamiyat

Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi biz, sirdaryoliklar qalbida bugungi kunidan shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamladi. Mamlakatimizda izchil davom ettirilayotgan islohotlar samarasi joylarda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, xalq bilan yuzma-yuz muloqotlar davomida yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda.

Tashrif davomida Prezidentimiz Mirzaobod tumanidagi “Bek Sluster” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasiga qarashli zamonaviy issiqxonaga tashrif buyurgani bizni g‘oyat to‘lqinlantirib yubordi. Davlatimiz rahbari ishchilarimiz bilan muloqotda bo‘lib, ularning mehnat va turmush sharoiti hamda jamoaning faoliyati bilan qiziqdi.

Tadbirkorlikni 14 yil muqaddam, avtotransport vositalari uchun ehtiyot qismlar do‘koni ochishdan boshlaganmiz. O‘tgan davrda bir nechta korxona, fermer xo‘jaliklari tashkil etdik. Bugungi kunda ancha-muncha texnikamiz, ishlab chiqarish korxonalarimiz kattagina birlashmaga aylandi. 

Prezidentimizning 2017-yil 17-may kuni viloyatimizga tashrifi chog‘ida “Bek Sluster” korxonasini tashkil etish loyihasi taqdim etilgan edi. Loyiha ma’qullanib, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, “Bek Sluster” korxonasi tashkil etildi. Mazkur hujjat asosida 24 ming 900 gektar yer maydoni ajratib berildi. 

Joriy yilda 13 ming 988 gektar yerga chigitni yangicha 6 qatorli seyalkalarda ekmoqdamiz. Paxta hosildorligini yildan-yilga oshirish hisobiga paxta xomashyosiyetishtirishni dastlabki uch yilda 42 ming 600 tonnadan kamaytirmaslik, keyingi yillardan boshlab esa, oshirib borishni rejalashtirganmiz. Bundan tashqari, korxonamizda 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish dasturi qabul qilinib, bu borada yurtimizdagi qator ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda rejalar tuzilgan. 

Yerni ekishga tayyorlashdan oldin hosildorligi juda pastligi, notekisligi va sho‘rlanganligini hisobga oldik. Yerning irrigatsiya va melioratsiya holatini yaxshilash maqsadida chuqur yumshatish orqali gips qatlami yorilib, yer sho‘ri yuvilgach, tuproq tarkibi yaxshilanadi. Sug‘orish tizimini yaxshilash maqsadida lazerli yer tekislagich texnikalarida ekin maydonlari tekislanadi. 

Yer unumdorligini oshirish maqsadida 3x2 sxemada almashlab ekish va organik o‘g‘itlash, tajriba sifatida paxta bilan birgalikda soya urug‘ini qo‘shib ekishni mo‘ljallamoqdamiz.
 
Yerimizning ball boniteti o‘rtacha 45 ballni tashkil qiladi. Shundan kelib chiqib, tuproq tarkibida gumusni ko‘paytirish hisobiga tuproq unumdorligini oshirish maqsadida 2018-yil oxiridan boshlab har yili 3 ming gektar maydonga “yashil o‘g‘it”, ya’ni sideratbop ekinlar ekish rejalashtirilgan. Hozirda korxonaning 40,6 gektar maydonida Serbiya davlatidan urug‘lik olish uchun keltirilgan 11 xil arpa, bug‘doy, suli, javdar, tritikale, raps ekinlari elita urug‘chilik laboratoriyasining elita xo‘jaligida ekildi. 

Hozirda korxonaning o‘z mablag‘i hisobidan “S-6524”, “Sulton” va birlamchi elita g‘o‘za urug‘chilik laboratoriyalari tashkil etilgan. Elita urug‘chilik laboratoriyalari unumdor yer maydonlari, bino, avtomashina, jihoz va zaruriy uskunalar, malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan. 

Ekilishi rejalashtirilayotgan 14 ming 200 gektar paxta maydonlarida yarim almashlab ekish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida tuproq unumdorligini oshirishga yordam beradigan soya o‘simligini chigit bilan aralashtirib ekish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Buning uchun past bo‘yli erta pishar soya navi urug‘ini ko‘paytirish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlab yuborganmiz. 

Korxonamizga ajratib berilgan yer maydonlari o‘rtacha 3 ming gektarlik 8 xo‘jalik, jumladan, o‘rtacha 200 gektarlik 110 ta brigadaga bo‘lingan holda, har bir xo‘jalik va brigadaga tajribali dehqonlardan iborat boshliqlar tayinlandi. 

Har bir brigadada 12-15 nafargacha doimiy ishchi ishlaydi. Bundan tashqari, 1 ming 800 nafar mavsumiy ishchi jalb etiladi. Har bir brigadaga 2 gektardan yerga achchiq qalampir ekish belgilangan. Gektaridan 20 tonnagacha qalampir olinadi. Ishchi va brigadirlarga to‘lanadigan oylik ish haqidan tashqari, qalampirdan olingan hosilning 50 foizi daromad sifatida beriladi. 

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga jalb etiladigan 1 ming 800 nafar mavsumiy ishchining mavsumdan tashqari ham ishli bo‘lishi va yil davomida daromad olishini ta’minlash maqsadida korxona tomonidan kasanachilik, quyonchilik, pillachilikni yo‘lga qo‘yish, xonadonlarda achchiq qalampir yetishtirish uchun sharoityaratish ko‘zda tutilgan. Yetishtirilgan mahsulot korxona tomonidan xarid qilinib, qayta ishlanadi va eksportga yo‘naltiriladi. Ayni chog‘da 400 gektar aholi xonadonlariga qalampir ko‘chati yetkazib berish uchun issiqxonalarda qalampir urug‘i parvarishlanmoqda.
 
Paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni innovatsion texnologiyalar asosida amalga oshirish, paxta qator oralarini 76x5 sxemada ekish va agrotexnik tadbirlar uchun AQSHda ishlab chiqarilgan “TD5-110” rusumli 100 ta g‘ildirakli traktor keltirilmoqda. 

Paxta yetishtirish uchun Turkiyadan 170 chigit ekish seyalkasi, kultivator va lazerli yer tekislagich, Rossiyadan 20 ta “K-744” rusumli yuqori unumli qishloq xo‘jalik texnikasi va agregatlar keltirildi. Ayni paytda qishloq xo‘jaligi texnikalarini to‘liq kompyuter boshqaruviga o‘tkazish va ekin yerlarida qator orasi ishlovlarini GPS elektron tizimi aniqligida olib borish uchun AQSHning “Trimble” kompaniyasi bilan shartnoma imzolangan bo‘lib, texnologiyaning afzalligi tajribada sinab ko‘rildi. Aytish kerakki, bu juda yaxshi natija berdi. 

Qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandalariga qarshi kurashishda biomahsulotlar aniq sxema asosida va o‘z vaqtida dalaga chiqarilsagina samara beradi. Lekin trixogramma 1 gektar maydonga 400 nuqtaga qo‘yilishi kerak va bu holat har 3-4 kunda takrorlanishi zarur. Bu tadbirni 10 minglab gektar maydonda qo‘l kuchi bilan amalga oshirish samarasiz ekanini hisobga olib, “Dron”lardan foydalanmoqchimiz. 

Yetishtirilgan paxta xomashyosini qayta ishlash maqsadida joriy yilning ikkinchi yarmida sutkalik quvvati 330 tonna bo‘lgan zavod qurilishini yakunlash rejalashtirilgan. Janubiy Koreya texnologiyasi asosida 100 gektar maydonda zamonaviy issiqxonalar qurish ishlarini ham boshlab yuborganmiz. Prezidentimiz tashrifi davomida ayni shunday ikkita issiqxonamizni ko‘zdan kechirib, o‘z maslahat va tavsiyalarini berdilar. 

Bugungi kunda korxonada 1 ming 500 nafar doimiy ishchi mehnat qilmoqda. Joriy yil oxirigacha ish o‘rnini 3 mingga, barcha loyihalar amalga oshirilgach, 10 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. 

Korxonada yetishtirilayotgan har bir ekin turining yangi va istiqbolli navlarini yaratish, mo‘l hosil olish, saqlash va qayta ishlashni ilmiy jihatdan asoslangan holda to‘g‘ri amalga oshirish uchun malakali mutaxassis va olimlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 

Yangi texnika va texnologiyalarni sinash, innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, olimlar erkin ishlashi uchun qulay ishchi muhiti yaratish maqsadida qishloq xo‘jaligi sohasiga aloqador oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, xorijdan mutaxassislar jalb qilgan holda, “Bek Sluster” korxonasining “O‘simlik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash texnologiyalari ilmiy markazi” tashkil qilinmoqda. 

Prezidentimiz tashrif chog‘ida bunday markazlarni boshqa klasterlarda ham tashkil etish, nafaqat sifatli mahsulot yetishtirish, uning xaridorini topishni ham o‘ylash lozimligi, bugungi zamon shiddati shuni talab qilayotganini ta’kidladilar. Davlatimiz rahbari avval ilmiy tekshirish markazi tashkil qilish, markaz ishi to‘la yo‘lga qo‘yilgach, uni institutga aylantirish to‘g‘ri bo‘lishini aytdilar. 

Bu tavsiya juda to‘g‘ri ekaniga agronom va mutaxassislar taqchil bo‘lgan hozirgi kundayoq amin bo‘lib turibmiz. Shu o‘rinda xorijdan keltirilgan yangi texnikalarni boshqarish malakasiga ega bo‘lgan kadrlarga ham ehtiyoj borligini aytib o‘tish lozim. 

Hozircha ilk qadamlar sifatida Guliston davlat universitetida laboratoriya tashkil etilib, hamkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Ushbu markaz 2018 yil birinchi yarmida Mirzaobod gidromelioratsiya kasb-hunar kolleji binosida tashkil qilinadi. Bu yerda o‘simlik va tuproq tahlili, o‘simliklar biotexnologiyasi, o‘simliklar genbanki, genomikasiva boshqa ko‘plab laboratoriyalar bo‘ladi. 

Ishlab chiqarishda muhim omil hisoblangan mahsulot bozorini topish masalasiga ham e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun zamonaviy “IT” texnologiyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “Social web solution” dasturi orqali elektron savdo yoki internet marketingni tashkil qilish ko‘zda tutilgan. 

Davlatimiz rahbari “Social web solution” korxonasi mutaxassislari tomonidan yaratilgan AKT dasturiga alohida e’tibor qaratdi. Elektron savdoni kengaytirish, internet orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish borasida aholiga ko‘plab qulayliklar yaratish, dastur tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlash, undan foydalanishni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Prezidentimizning bu tavsiyalari boshlagan ishimizning ertasi porloq ekaniga ishonchimizni yanada mustahkamladi.

Поделиться