Uy-joyga muhtoj imom-xatiblarga yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan uy-joylar tekinga beriladi
Ushbu xayrli ishlar Prezidentimizning 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida nazarda tutildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Vaqf” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan ushbu idora tizimidagi diniy-ma’rifiy tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarga, shu jumladan, imom-xatiblarga oylik ish haqi to‘lanadi, shuningdek, uy-joyga muhtoj xodimlar xizmat uy-joylari bilan ta’minlanadi.
Ko‘p yillar davomida namunali faoliyat yuritayotgan, uy-joyga muhtoj imom-xatiblarga yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan uy-joylar sotib olinib, tekinga beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston musulmonlari idorasining buyurtmasiga asosan idora tizimidagi diniy-ma’rifiy tashkilotlar xodimlariga xizmat uy-joylari va ularga sotib olib berish uchun yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan uy-joylarning ajratilishini ta’minlaydi.
2018-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ishlovchi o‘qituvchi, ilmiy xodim va mutaxassislarga yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlariga ko‘ra tarif koeffitsiyentlari va bazaviy lavozim maoshlari 3 baravar (Markaz xodimlariga – 4 baravar) miqdorda qo‘llaniladi.
Pensionerlarga ularning ushbu tashkilotlardagi faoliyati yagona bo‘lgan taqdirda pensiyalari to‘liq to‘lanadi.