O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Boysun bahori” tog‘ qo‘yniga chorlaydi
2018-04-18 | Jamiyat
Joriy yilning 28-29 aprel kunlari Boysun tumanidagi xushmanzara Oqtosh ota qirlarida an’anaviy “Boysun bahori” folklor festivali bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 yanvardagi “Surxondaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilayotgan tadbirni yuqori saviyada o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, bo‘lajak festivalga mamlakatimiz va xorijdan har yilgidan ko‘p mehmon kelishi kutilmoqda. Shu bois tadbir o‘tadigan tog‘ bag‘riga olib boradigan yo‘llar obodonlashtirilib, hududda zarur qulayliklar yaratishga e’tibor yanada kuchaytirildi. Shunga muvofiq, festivalga tayyorgarlik ishlari erta boshlanib, yetarli sharoit yaratildi.
Festival kunlari barcha qulayliklarga ega ikkita sahnada folklor-etnografik xalq ansambllari va boshqa jamoalar mamlakatimizning turli hududlariga xos liboslar va qadimiy kuy-qo‘shiqlar asosida tayyorlagan noyob san’atini namoyish etadi. Yana bir sahnada el suygan baxshilar xalq dostonlari va termalaridan kuylaydi. Betakror tabiat qo‘ynida milliy kurash musobaqalari ham bo‘lib o‘tadi. Qiziqarli xalq o‘yinlari tashkil etiladi.
Xalqimizning milliy qadriyat va an’analari tarannum etiladigan festivalning yanada jozibali, zavqli o‘tishini ta’minlash uchun tungi yoritish tizimlari yangilandi. Aloqa sifati tubdan yaxshilanib, to‘rtta uyali aloqa kompaniyasining yangi uskunalari o‘rnatildi. Ikkita avtomobillar turar joyi barpo etildi. So‘lim go‘sha tog‘ bag‘ridan sizib chiqayotgan musaffo buloq suvi bilan ta’minlanadi. Ishtirokchilar, mehmonlar va sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun 50 dan ortiq umumiy ovqatlanish shoxobchasi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. 100 ga yaqin chiroyli bezatilgan o‘tov uy mehmonlarni kutmoqda.
Festivalda viloyat hunarmandlari ham o‘z mahsulotlarini namoyish etadi.
– Viloyatda 30 ga yaqin turdagi milliy hunarmandchilik buyumlari ishlab chiqarilmoqda, – deydi "Hunarmand" uyushmasi Surxondaryo viloyati bo‘limi rahbari M.Jo‘rayeva. – Rang-barang, serjilo buyumlarimiz ko‘rgazmasini tashkil etish uchun 200 ga yaqin savdo rastasi barpo etilmoqda. O‘tovlar o‘rnatilib, turfa kashta, gilam va boshqa buyumlar bilan milliy qadriyatlarimizga xos jihozlanmoqda. Hunarmandlarning qo‘l mehnati evaziga yaratilgan nafis, rang-barang buyumlar, ayniqsa, xorijlik sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy.
Festivalga nafaqat folklor-etnografik jamoalar, qo‘li gul hunarmandlar, polvonlar, baxshi-shoirlar, balki Mannon Uyg‘ur nomidagi viloyat musiqali drama teatri san’atkorlari ham alohida tayyorgarlik ko‘rmoqda.
– “Boysun bahori” inson qalbida milliy qadriyatlarga, nafis san’at va serjilo tabiatga mehr uyg‘otib, ularni ardoqlashdek ezgu tuyg‘ularni tarannum etadigan shodiyona, – deydi Mannon Uyg‘ur nomidagi viloyat musiqali drama teatri rahbari M. Qoraqulova. – Shu bois bu festivalga puxta hozirlik ko‘rmoqdamiz. “Alpomish” spektaklidan qiziqarli parchalar namoyish qilamiz. So‘lim tog‘ bag‘rida go‘zal tabiat manzaralariga uyg‘un milliy sahna ko‘rinishlari bilan tomoshabinlarni xushnud etmoqchimiz.
Surxondaryo – noyob qadriyatlari, hudud tabiatiga mos turli liboslari, lapar va dostonlari, do‘mbira va chanqovuzning sehrli ohanglari bilan azaldan mashhur bo‘lib kelgan. Boy madaniy merosga ega Boysun 2001 yilda YuNESKO tomonidan “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy merosi durdonalari” sifatida e’tirof etilib, 2008 yilda Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.
Festival doirasida 27 aprel kuni Termiz davlat universitetida “Boysun – moddiy va nomoddiy madaniyat beshigi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.
– Ilmiy-amaliy anjumanda qadimiy bu yurtning tarixi, nafis va boy madaniy merosining dunyo tamaddunida tutgan o‘rni xususida fikr almashiladi, – deydi Termiz davlat universiteti rektori A.Toshqulov. – Shuningdek, Boysun milliy hunarmandchiligi, etnografiyasi va arxeologiyasini o‘rganish, hududda turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama etiladi. Mazkur anjumanda mamlakatimizning turli hududlaridan, chet davlatlardan taniqli olimlar, mutaxassislar ishtirok etish istagini bildirayotgani ham “Boysun bahori”ga qiziqish yildan-yilga ortib borayotgani tasdig‘idir.