O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muvofiqlashtirish qo‘mitasi majlisi
2018-04-17 | MDH
17-aprel kuni Toshkent shahrida MDHga a’zo davlatlar Mudofaa vazirlari kengashi huzuridagi Havo hujumidan mudofaa masalalari bo‘yicha muvofiqlashtirish qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
MDHga a’zo mamlakatlarning havo hujumidan mudofaa birlashgan tizimi (HHM BT) 1995-yil 10-fevral kuni Hamdo‘stlikning o‘n mamlakati o‘rtasida imzolangan bitim asosida tashkil etilgan. Bugungi kunda unga O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston kiradi.
HHM BT tashkil etilganidan buyon 25 qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari hamda o‘ndan ortiq jangovar o‘q otish mashg‘ulotlaridan iborat qo‘shma o‘quvlar o‘tkazildi. 1995-yildan buyon mingdan ortiq harbiy aviatsiya parvozlari uyushtirildi. Navbatdagi “Jangovar hamdo‘stlik” o‘quv mashg‘ulotlari 2017-yil sentyabr oyida Rossiyaning Astraxan viloyati Ashuluk poligonida bo‘lib o‘tdi.
Muvofiqlashtirish qo‘mitasining O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasining Situatsion markazida bo‘lib o‘tgan majlisida MDH Ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari – MDH ijrochi kotibi o‘rinbosari Agibay Smagulov, MDHga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari Kengashi kotibiyati vakillari, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston HHM qo‘shinlari qo‘mondonlari ishtirok etdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri A.Azizov mamlakatimizda mudofaa sohasidagi siyosat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasi asosida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Boshqa davlatlarga nisbatan harbiy kuch ishlatmaslik, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni tinchlik yo‘li bilan hal etish, mudofaa jihatidan o‘zini-o‘zi ta’minlash, harbiy qurilishning zamonaviy harbiy to‘qnashuvlar xususiyatiga mosligi Mudofaa doktrinasining asosiy prinsiplaridir. Shuningdek, A.Azizov MDH doirasida harbiy qurilish sohasi jadal rivojlanib borayotgani, bunda MDHga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari Kengashining muvofiqlashtiruvchi roli ortib borayotganini ta’kidlab, Muvofiqlashtirish qo‘mitasi Hamdo‘stlik havo makoni mudofaasini mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.