O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitob tizimini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi
2018-04-17 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-aprel kuni iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitob tizimini takomillashtirish, debitor, kreditor va byudjet oldidagi qarzdorliklarni qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari uzoq yillardan beri iqtisodiyot tarmoqlarida pul oqimi samarasiz boshqarilgani va nomutanosib taqsimlangani oqibatida qarzdorlik holatlari ko‘payib ketganini ta’kidladi.
Buni bartaraf etish bo‘yicha keyingi vaqtlarda qator ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq bu borada yangi tizim yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi.
“O‘zbekneftegaz” kompaniyasi va “O‘zbekenergo” jamiyatining umidsiz debitor qarzdorliklari hisobdan chiqarildi. “O‘zagrokimyoximoya” aksiyadorlik jamiyatining kreditor qarzdorliklari byudjet ssudalari orqali kamaytirildi. Neftni qayta ishlash korxonalari ixtiyorida bir yilda 670 milliard so‘m, elektr stansiyalari hisobida 100 milliard so‘m mablag‘ qoldirildi.
Fermer xo‘jaliklari tugatilishi va qayta tashkil etilishi evaziga tijorat banklari yo‘qotgan likvidlik byudjetdan mablag‘lari hisobiga qoplab berildi.
Yig‘ilishda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yaxshi samara berayotgani, lekin bu hali yetarli emasligi ta’kidlandi. Joriy yil 1-mart holatiga ko‘ra, iqtisodiyot tarmoqlarida jami debitor va kreditor qarzdorlik o‘tgan yilga nisbatan mos ravishda 16 va 13 foizga oshgani tanqidiy tahlil qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev har bir korxonaning barqarorligi aniq hisob-kitobga bog‘liqligi, rahbarlar faoliyati shunga qarab baholanishini ta’kidladi.
Ayrim tarmoqlarda mahsulot ishlab chiqarish va realizatsiya qilishda nomutanosiblik borligi, qarzdorlikni undirish tizimi samarasizligi, mavjud javobgarlik choralari mansabdor shaxslar va fuqarolarning to‘lov mas’uliyatini oshirish uchun yetarli emasligi qayd etildi.
Debitor qarzdorlik hamon yuqoriligicha qolayotgan kompaniya va korxonalar ko‘rsatib o‘tildi. Iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitob tizimini takomillashtirish, debitor, kreditor va byudjet oldidagi qarzdorliklarni qisqartirish, soliq, bank, xizmat ko‘rsatuvchi va boshqa idoralar o‘rtasida har oy yakunida o‘zaro qarzdorlik holatini solishtirib borish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Tashkilotlar o‘rtasida elektron hamkorlik va ma’lumot almashinuvini rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.