O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi tashkil etilgan “Respublika kinoprokat markazi”ga rahbar tayinlandi
2018-04-17 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 apreldagi “Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Respublika kinoprokat markazi” davlat unitar korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda u o‘z faoliyatini boshlamoqda.
“O‘zbekkino” Milliy agentligining rasmiy sahifasida berilgan ma’lumotga qaraganda, bunga qadar agentlikning boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Muxtorov Ma’rufjon Mardonqulovich ushbu markazga rahbar etib tayinlandi.
M.Muxtorov oliy huquqshunos ma’lumotiga ega bo‘lib, 2013 – 2018 yillarda Agentlik markaziy apparatida dastlab Kadrlar bo‘limi boshlig‘i, keyinchalik Bosh yuriskonsult, Tizim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tashkiliy masalalar boshqarmasi hamda Kinoloyihalarni tematik rejalashtirish, filmlarni ekspert baholash va litsenziyalash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
«Respublika kinoprokat markazi» respublika kinoteatrlari va kinozallarida yillik repertuar rejasidagi milliy va xorijiy kinofilmlar namoyishining optimal nisbatini belgilagan holda kinoprokat tarmog‘ining yagona repertuar siyosatini amalga oshiradi.
Idora zimmasiga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va xorijdan olib kiriladigan filmlarning respublika hududidagi kinoprokati bo‘yicha distribyuterlik faoliyatini amalga oshirish, milliy filmlarni xalqaro kinoprokatga olib chiqish, zamonaviy xalqaro andozalarga muvofiq kinoteatr va kinozallarda yagona texnologik standartlarni shakllantirish hamda joriy qilishda ishtirok etish kabilar ham yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 yanvardan boshlab kinoteatrlar va kinozallarda elektron kinochiptalar sotilish amaliyoti joriy etilishi kutilmoqda.