O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi nomi o‘zgardi
2018-04-17 | Jamiyat
Qonunchilik palatasi Axborot xizmatining O‘zAga ma’lum qilishicha, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi endilikda Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, deb o‘zgartirildi.
Qo‘mita nomining o‘zgarishi mas’uliyat sohasi kengayganligi bilan bog‘liq. Avval qo‘mitaning faoliyat doirasi faqat axborot sohasi rivojlanishiga qaratilgan bo‘lsa, endilikda qo‘mita innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyat hayotining turli sohalariga ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish yo‘nalishida ham faoliyat yuritadi, deyiladi xabarda.
Mazkur o‘zgarish rasmiyatchilik uchun emas, balki mamlakat innovatsion rivojlanishi jarayonlarini jadallashtirish uchun tashkiliy-huquqiy sharoitlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan kompleks tadbirlar dasturining bir bosqichidir. Qonunchilik palatasi qabul qilgan qaror bilan innovatsion faoliyatni rag‘batlantirishga qaratilgan, parlamentning qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati samaradorligini oshirish uchun institutsional asos shakllantirilmoqda.
Innovatsion rivojlantirish masalalarini deputatlik korpusi mas’uliyat doirasiga kiritilishi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida, shuningdek “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar bilan hamohangdir.
Endilikda mazkur qo‘mita Parlament darajasida innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha salmoqli va ta’sirchan ishlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qiladi. Mazkur o‘zgarish, shuningdek, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini hal etish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan innovatsion faollikni jadallashtirishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini tayyorlash va qabul qilishga taalluqlidir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi yangi tashkil etilgan Innovatsion rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda innovatsiya va innovatsion faoliyat sohasida huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy munosabatlarni samarali boshqarishga, ilmiy, ilmiy-texnik va boshqa innovatsion faoliyat natijalarini yaratish, o‘zlashtirish va ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
Parlament qo‘mitasi faoliyati innovatsion soha uchun ekspert hamjamiyati harakatlarini birlashtirish, keng jamoatchilik uchun milliy innovatsion infratuzilmani rivojlantirish yo‘llarini belgilab olish, ushbu sohada samarali davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.