O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijda ishlayotgan fuqarolarga yana bir imtiyoz
2018-04-16 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirish samaradorligini oshirish, xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimizning huquqini himoya qilish, mehnat muhofazasini kuchaytirish va xorijga ishga yuborish tizimini takomillashtirish borasida belgilangan vazifalar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda tizimda olib borilayotgan islohotlar, yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, tashqi migratsiya masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yilning o‘tgan uch oyi davomida vazirlikning tuman, shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga ish so‘rab murojaat qilgan 54 mingga yaqin fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan, 63 mingga yaqini haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan. Hozirgacha uch mingdan ortiq ishsiz fuqaro tikuvchilik, to‘quvchilik, elektrik, payvandchilik, komputer texnikasi operatori va boshqa shu kabi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha kasbga o‘qitilgan.
Shuningdek, matbuot anjumanida eng dolzarb masalalardan biri mehnat migratsiyasi ham keng muhokama qilindi. Vazirlikning Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan bugungi kunda Rossiya, Polsha, Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlari bilan tashqi mehnat migratsiyasi sohasida faol hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolarimizga zarur sharoitlar yaratishga ko‘maklashmoqda. Yurtimizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan mintaqaviy byurolarda xorijga ketuvchi fuqarolar o‘qitilib, ularga huquqiy maslahatlar berilmoqda.
Tizimda olib borilayotgan islohotlar tufayli agentlik tomonidan xorijda ishlash uchun borish istagini bildirgan fuqarolarga bir qancha imtiyozlar yaratilmoqda. Jumladan, ularga "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ va "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi chiptalariga chegirmalar, shuningdek, chipta xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun bir yilda bir marotaba 300 ming so‘m miqdoridagi beg‘araz to‘lov taqdim etiladi. Bundan tashqari, mehnat migrantlari transport va boshqa xarajatlari uchun "Ipotekabank" orqali 1000 AQSh dollarigacha kredit olishi mumkin. Hozir bunday imkoniyatlardan minglab fuqarolarimiz foydalanmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali xorijga ishlash uchun borgan fuqaroning xorijiy davlatda ishlashi himoyalanadi, mehnat muhofazasi ta’minlanadi. Ma’lumki, bu holatda fuqaro tegishli tartibda rasmiylashtirish orqali ish stajiga ham ega bo‘ladi va ijtimoiy himoyadan foydalana oladi. Sodda qilib aytganda, chet elda ishlaganingiz ham ish staji sifatida hisobga olinadi va siz qaytgach, ijtimoiy himoya turlaridan foydalanishingiz mumkin.
Anjumanda jurnalistlarning yoshlarni ish bilan ta’minlash borasidagi muammolar, xorijda ishlash masalalari haqidagi savollariga batafsil javob qaytarildi.