Адлия вазирлиги тубдан янгиланган расмий веб-сайти ‒ www.minjust.uzни ишга туширди.
Yangi sayt o‘zbek va rus tillarida bo‘lib, undagi ma’lumot va materiallar hajmi ilgarigi saytga nisbatan o‘n baravarga ortdi va dizayn jihatdan ham mutlaqo yangi ko‘rinish oldi.
Saytning tuzilmasi ham keskin kengayib, qo‘shimcha 4 ta yangi bo‘lim va o‘nlab sahifalar bilan to‘ldirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan O‘zAga ma’lum qilishlaricha, yangi sayt davlat organlarining saytiga qo‘yiladigan asosiy talablarni hisobga olgan holda ishlab chiqilib, quyidagi muhim jihatlarni qamrab oldi:
birinchidan – interaktiv davlat xizmatlari bilan bog‘liq ma’lumotlar, jumladan respublikadagi barcha davlat notarial idoralari, FHDYo organlari, davlat xizmatlari markazlari, advokatlik tuzilmalari, advokatlar va nodavlat notijorat tashkilotlari ro‘yxati, manzili va boshqa zarur ma’lumotlar saytga to‘liq joylashtirildi hamda ushbu ma’lumotlarni tez va oson izlab topish imkoniyatlari yaratildi;
ikkinchidan – ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini shaffof va qonuniy bo‘lishini ta’minlash maqsadida saytda ba’zi metodik vositalar o‘rnatildi. Jumladan, endilikda, saytdagi “Notarius kalkulyatori” orqali fuqarolar notarius xizmatlari uchun qancha to‘lov to‘lashi kerakligini oson hisoblab olish imkoniga ega bo‘ldi;
uchinchidan – notarial idoralar, FHDYo organlari va davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari va ushbu xizmatlar uchun to‘lovlarning miqdori haqidagi ma’lumotlar infografikalar asosida joylashtirildi;
to‘rtinchidan – saytga “Korrupsiyaga qarshi kurashish” bo‘limi kiritilib, unda adliya organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyati va rivojlanish tendensiyalari yoritib boriladi. Fuqarolar esa adliya organlari tizimida bo‘layotgan qonun buzilishlari va korrupsiyaga doir xabarlarni ushbu bo‘limda qoldirish imkoniga ega bo‘ldi;
beshinchidan – fuqarolar saytda yangi qabul qilingan qonun hujjatlari haqida qisqa va tezkor ma’lumotlar, huquqiy tushuntirishlar olishi mumkin. Muayyan qonun hujjati bilan batafsil tanishmoqchi bo‘lgan foydalanuvchilar uchun “Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi “Lex.uz”ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tish bo‘yicha havola keltirildi;
oltinchidan – veb-sayt orqali vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi “Adliya bilan muloqot” sahifasi, “Huquqiy axborot” kanali va internetdagi boshqa manzillariga havolalar keltirildi.
Bundan tashqari, yangi veb-sayt maxsus imkoniyatlarga ham ega bo‘lib, unda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qo‘shimcha qulaylik taqdim etuvchi funksiyalar va saytning mobil versiyasi o‘rin olgan.
Veb-saytning “Mediateka” bo‘limida foto va videomateriallar (informatsion teledasturlar, ijtimoiy roliklar va hokazo) berib boriladi.
Hozirda veb-saytning ingliz, fransuz, xitoy va boshqa chet tillaridagi talqini, shuningdek bolalarga mo‘ljallangan “Bolalar uchun” sahifasi ham ishlab chiqilmoqda.
Veb-saytdagi ma’lumotlar matn, infografika va foydalanuvchilar uchun qulay boshqa uslublarda beriladi.