O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bolaning begonasi bo’lmaydi
2018-04-13 | Jamiyat
O’zbekiston Respublikasi IIV Yong’in xavfsizligi bosh boshqarmasi tashabbusi bilan, IIV Etakchilar kengashi va Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi hamkorligida poytaxtimizda joylashgan 21-sonli Mehribonlik uyida xayriya tadbiri tashkil etildi.
Uchrashuvda tadbir tashkilotchilari tomonidan bugungi kunda yurtimizda kelajagimiz egalari bo’lgan yosh avlod uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar haqida so’z yuritilib, ularning kelajakda barkamol insonlar sifatida kamolga etishlari uchun yaratilgan barcha imkoniyatlardan unumli foydalanishlari zarurligi tushuntirildi.
Shuningdek, tarbiyalanuvchilar ishtirokida sahna ko’rinishlari namoyish etilib, ular bilan yong’in xavfsizligiga oid savol-javoblar o’tkazildi. Tadbirda faol ishtirok etgan bolajonlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.
- Bugungi tadbir savob ishni har kim, har kuni qilishi kerak, degan ezgu g’oyaning amaldagi ifodasi bo’ldi, - deydi IIV Yoshlar ittifoqining boshlang’ich tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Etakchilar kengashi raisi, mayor Xurshid Ro’ziev. – Ayniqsa, ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlarning bu kabi xayrli tadbirlardagi faol ishtiroki boshqa xodimlarimiz uchun ham ibrat namunasi bo’lib, ularning xizmat burchiga vijdonan yondoshib, halollik bilan xalq manfaatlari yo’lida xizmat qilishga undaydi, deb o’ylayman.
Tadbir yakunida Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan 3 yoshdan 12 yoshgacha bo’lgan 100 nafardan ortiq bolajonlar uchun badiiy kitoblar, o’yinchoqlar va sport buyumlari hamda kiyim-kechaklar topshirilib, ehson dasturxoni yozildi.
Bu kabi xayrli tadbirlarni kelgusida Ichki ishlar vazirligining tarkibiy va hududiy bo’linmalarida ham o’tkazish rejalashtirilgan.