O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan hamkor tashkilotlar ishtirokida “Harakatlar strategiyasi va kuchli ijtimoiy siyosat: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi
2018-04-13 | Jamiyat
2018 yilning 12 aprel kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan joriy yilning 24-26 aprel kunlari Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘tkaziladigan “Harakatlar strategiyasi va kuchli ijtimoiy siyosat: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi” mavzuidagi xalqaro konferensiya oldidan Brifing tashkil etildi.
Unda jurnalistlarga xalqaro anjumandan ko‘zlangan maqsad va uning mazmun-mohiyati, konferensiya yakuni bo‘yicha qabul qilinishi ko‘zda tutilgan tavsiyalar to‘g‘risida tahliliy axborot va ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, mazkur xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ishlari yuqori saviyada borayotgani ta’kidlandi.
Brifingda mazkur nufuzli xalqaro anjumanni o‘tkazish g‘oyasi Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi (XKUK), Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining Umumevropa hududiy kengashi, Xalqaro ish beruvchilar tashkiloti tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlangani, konferensiya ishida mazkur nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlarning kasaba uyushma markazlari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, dunyo miqyosida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan horijiy ekspertlar va olimlar ishtirok etishi alohida qayd etildi. Sirasini aytganda konferensiyada 30 dan ortiq mamlakatdan nufuzli horijiy ekspertlar va olimlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti a’zolari, mamlakatimizdagi sud va huquq-tartibot organlari, vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, Respublika va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda Axborot agentliklari jurnalistlari ishtirok etishlari ma’lum qilindi.
Xalqaro konferensiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistonda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan ishlab chiqilgan va amalda izchil tatbiq etilayotgan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” asosida mamlakatimizda oxirgi 1,5 yil davomida fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish borasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar va ularning ijobiy natijasini, mamlakatimizning yangi iqtisodiy va siyosiy qiyofasini xalqaro hamjamiyatga namoyon etish, horijiy ekspertlarni bu borada amalga oshirilayotgan katta ko‘lamdagi ijobiy ishlar bilan yaqindan tanishtirish hamda mazkur yo‘nalishdagi xalqaro tajribani o‘rganish, shuningdek, aholini kuchli ijtimoiy himoyalash sohasida davlat organlari, Kasaba uyushma tashkilotlari, Savdo sanoat palatasi va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilab olishdir.
Tadbirda xuddi shu maqsadlarda yalpi majlisdan bir kun avval barcha horijiy ishtirokchilarning Samarqand, Buxoro va Toshkent viloyatlariga tashriflari rejalashtirilgani qayd etildi. Horijiy ekspertlar mazkur hududlarga tashriflari davomida Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat va inson manfaatlari yo‘lidagi islohotlarning natijalarini oddiy odamlar hayotida o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniga ega bo‘ladilar. Xususan, horijiy ishtirokchilar kuchli ijtimoiy himoya borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning samarali natijalari bilan tanishish maqsadida sog‘liqni saqlash, ta’lim muassasalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati, ijtimoiy infratuzilma obyektlari, aholining kam ta’minlangan toifalari uchun qurilayotgan arzon uy-joy majmualari, mehnat jamoalari va aholi xonadonlarida bo‘ladilar. Ushbu ijtimoiy obyektlarda ular fuqarolar uchun yaratilgan qulaylik va imtiyozlar, mehnat jamoalarida xodimlar uchun yaratilgan munosib mehnat sharoitlari, davlat organlari, kasaba uyushmalari va ish beruvchilarning samarali ijtimoiy sherikligi natijasida xodimlar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida erishilayotgan ijobiy natijalar bilan tanishadilar. Shuningdek, tarixiy obidalarga tashrif buyuradilar.
Brifingda ko‘zlangan maqsadlarga ko‘ra mazkur xalqaro konferensiya bevosita ijtimoiy-mehnat masalalarini hal etish bilan shug‘ullanuvchi anjuman ishtirokchilarining takliflari, fikrlari va tajribalarini konstruktiv muhokama qilish uchun xalqaro maydon vazifasini o‘tashi alohida ta’kidlandi. Anjumannig aynan shu formatda o‘tishi so‘zsiz O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga ochiqligini, mazkur yo‘nalishda ilg‘or xalqaro va horijiy tajribani o‘rganish hamda hayotga tatbiq etishga tayyor ekanligini namoyon etishi e’tirof etildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Xalqaro anjumanning birinchi Yalpi majlisi 25 aprel kuni “International Hotel Tashkent” mehmonxonasining “Amir Temur” konferens-zalida o‘z ishini boshlaydi.
Yalpi majlisdan so‘ng ishtirokchilar 4 guruhga bo‘lingan holda seksiyalar bo‘yicha yig‘ilishlarda ishtirok etadilar. Seksiyalar bo‘yicha yig‘ilishlar “International Hotel Tashkent” mehmonxonasining “Amir Temur” va “Samarqand” zallarida hamda “Xalqaro Hamkorlik Markazi” AK Xalqaro biznes markazining “Navoiy” va “Toshkent” zallarida bo‘lib o‘tadi.
Seksiya yig‘ilishlarida aholining real daromadlari va bandligi darajasini oshirish orqali ijtimoiy himoyani kuchaytirish, fuqarolar va ular salomatligini ijtimoiy himoyalash, arzon uy-joylar qurish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirishning maqsadli dasturlarini amalga oshirish, fan va ta’lim sohasini rivojlantirish istiqbollari, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish yo‘nalishlaridagi ishlar xususida fikr yuritiladi.
26 aprel kuni yalpi majlis va seksiyalar bo‘yicha yig‘ilishlar davom ettiriladi. Yakuniy yalpi majlisda seksiyalar moderatorlarining taqdimotlari eshitiladi hamda xalqaro konferensiyaning yakuni bo‘yicha Tavsiyalar qabul qilinadi.