“Turkiston” san’at saroyida “Ichki ishlar organlarining namunali tayanch punktlari” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi
Tantanali tadbirda 2017-yil mobaynida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash borasida samarali mehnat qilgan, xizmat yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan profilaktika inspektorlari, ular bilan faol hamkorlik qilib kelayotgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari taqdirlandi.
O‘zbekiston ichki ishlar vaziri P.Bobojonov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlarini aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatadigan, ijtimoiy yo‘naltirilgan professional xizmatga aylantirish vazifasini qo‘yganini, ushbu maqsadga erishish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar natijasida ichki ishlar organlari xalq bilan hamnafas tuzilmaga aylanayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, har bir mahallada xizmat qilayotgan profilaktika inspektorlarining mahalla faollari, aholi bilan hamkorligi yanada mustahkamlandi.
Soha vakillarining ish olib borayotgan hududida xizmat uyi hamda imtiyozli kredit asosida yengil avtomobil bilan ta’minlangani xizmat sifati oshishiga zamin yaratdi. Natijada joriy yilning birinchi choragida 5 ming 698 mahallada birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Bu davrda jinoyatchilik o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41 foiz kamayishiga erishildi.
2002-yildan beri an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Ichki ishlar organlarining namunali tayanch punktlari” ko‘rik-tanlovi ham profilaktika xizmati rivojiga xizmat qilmoqda. Yaxshi natijalarga erishayotgan tayanch punktlari xodimlarining taqdirlanishi, tanlov davomida o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishi yutuqlar omili bo‘layotir.
Ko‘rik-tanlovning mamlakat bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 14 ichki ishlar organi tayanch punkti ishtirok etdi.
Samarqand viloyati Tayloq tumanidagi O‘ray-Elipok mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi ichki ishlar organining 446-sonli, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Bo‘ston mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi ichki ishlar organining 420-sonli, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Otchopar mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi ichki ishlar organining 32-sonli, Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi Namuna mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi ichki ishlar organining 2-sonli tayanch punktlari birinchilikni egalladi.
G‘oliblar birinchi darajali diplom, zamonaviy televizorlar bilan taqdirlandi. Qayd etilgan shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlariga “Neksiya” avtomobillari berildi.
– Profilaktika kuni joriy etilgani aholi bilan yaqin hamkorlik qilishimizda keng imkoniyatlar yaratdi, – deydi tanlov g‘oliblaridan biri, Samarqand viloyati Tayloq tumanidagi O‘ray-Elipok mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi ichki ishlar organining 446-sonli tayanch punkti katta profilaktika inspektori Shavkat Xursandov. – Bunday yakdillik natijasida mahalla muhiti yaxshilanishiga, jinoyatchilik barham topishiga erishdik. Nafaqat mahallada istiqomat qilayotgan, balki chet ellarda ishlayotgan fuqarolarimiz ham e’tiborimizda. Yaqinda 5 fuqaromizni Rossiyadan chaqirib olib, mahalla hududida ularning tadbirkorlik qilishiga sharoit yaratdik.
Tanlovda ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan tayanch punktlari profilaktika inspektorlariga ham diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, tanlovda “Eng faol profilaktika inspektori”, “Eng faol jazoni ijro etish inspeksiyasi xodimi”, “Ichki ishlar organlari boshliqlarining eng faol yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari”, “Eng faol sektor rahbari” nominatsiyalari g‘oliblari aniqlandi va taqdirlandi. “Eng faol mahalla posboni”, “Ibratli xotin-qizlar qo‘mitasi raisi”, “Adolatli yarashtirish komissiyasi raisi”, “Eng faol yoshlar yetakchisi”ga Ichki ishlar vazirligi diplomi va hamkor tashkilotlar sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yo‘ldoshev, Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva ishtirok etdi.
Norgul Abduraimova, Muhammad Amin (surat), O‘zA