O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentdan yo‘lga chiqqan avtobus Olmaotaga yetib keldi
2018-04-12 | Jamiyat
Yangi “Toshkent – Olmaota – Toshkent” xalqaro avtobus yo‘nalishidagi ilk sinov qatnovi 12-aprel kuni Olmaota shahriga yetib keldi...
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston avtomobil va temir yo‘llari o‘zaro integratsiyalashgan. Bu muhim kommunikatsiya tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda. O‘tgan yillar davomida transport qatnovi sohasida amaliy hamkorlik sezilarli darajada kengayib, mintaqalar o‘rtasida sheriklik mustahkamlanayotgani, Qozog‘istonning Maqtaaral tumani hududidan o‘tgan Toshkent va Samarqandni bog‘lovchi avtomobil yo‘lining ochilishi, Toshkent – Olmaota tezyurar poyezdi va ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovining, “Toshkent – Chimkent – Toshkent” yo‘nalishida xalqaro avtobus qatnovining yo‘lga qo‘yilgani transport kommunikatsiyasini yanada kengaytirishga, hududlararo aloqalar, savdo va turizm rivojiga xizmat qilmoqda.
Bugun yangi yo‘nalish – “Toshkent – Olmaota – Toshkent” xalqaro avtobus qatnovining amalga oshirilayotgani bu boradagi hamkorlik yanada kengayib borayotganidan dalolatdir.
Avval xabar qilganimizdek, tashuvchilar tomonidan yo‘nalish bo‘yicha yo‘l haqi narxi 100 ming so‘m va tegishli ravishda 4000 tenge narxda tashilishi tashuvchilar tomonidan e’lon qilindi. Muntazam qatnovlar 12 apreldan boshlab “Toshkent” avtovokzalidan kuniga uchta (soat 16:00; 17:00 va 18:00) qatnov amalga oshiriladi. Yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish uchun O‘zbekiston tomonidan tashuvchi “Erkin Emina Ekspress Tour” MCHJ “Yutong” (Xitoy) rusumli avtobuslardan, Qozog‘iston tomonidan tashuvchi “Yug Trans Layn” MCHJ esa “Vanxol” (Belgiya) rusumli avtobuslaridan foydalanadi.
Yo‘nalish masofasi 818 kilometrni, yo‘ldagi vaqt esa 16 soat 30 daqiqani tashkil etadi. Jadvallarda “G‘isht ko‘prik” (O‘zbekiston) va “Ipak yo‘li” (Qozog‘iston) chegara va bojxona nazorat punkti tekshiruvidan o‘tish uchun 30 daqiqadan vaqt ajratilgan.
...O‘zbekistonlik jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari o‘tirgan avtobus Olmaota shahridagi “Sayran” avtovokzaliga kirib keldi. Bu yerda o‘zbekistonlik mehmonlar Olmaota shahri jamoatchiligi tomonidan tantanali kutib olindi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qo‘shnichilik aloqalari bir daryodan suv ichgan xalqlarimizning azaliy qavm-qarindoshlik, qo‘shnichilik rishtalarini yanada mustahkamlayotgani, har ikki millat vakillarining qalbida quvonchi va ishonch tuyg‘ularini jo‘sh urdirayotganini alohida ta’kidladi.
O‘zbekistonlik mehmonlar Olmaota shahrining diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi. Qozog‘istonning avvalgi poytaxti va eng yirik shaharlaridan biri Olmaota mamlakatning madaniy, moliyaviy-iqtisodiy markazlaridan hisoblanadi. Shahar kundan-kunga, yildan-yilga chiroy ochib borayotir.
Bayram Aytmurodov, O‘zA