O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qonunlar loyihasi muhokama qilindi
2018-04-12 | Jamiyat
Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, «Rekruting faoliyati to‘g‘risida»gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihasi ishlab chiqildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida mazkur qonunlar loyihasi muhokama qilindi.
“Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasining maqsadi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish mexanizmini takomillashtirish, yo‘lovchilar manfaati himoya qilinishini ta’minlash, tegishli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladigan nazorat tizimini takomillashtirish va bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishdan iborat.
«Rekruting faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasining qabul qilinishi mamlakatimiz aholisini ham mahalliy korxonalarda, ham chet elda ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish, davlat xizmatlari va xususiy sektor uchun bandlikka ko‘maklashishning aniq mexanizmini qonuniy tartibga solish imkonini beradi. Shuningdek, ish bilan ta’minlash borasida xizmatlar ko‘rsatish uchun tartib va shartlarni belgilash, rekruting agentliklari, korxonalar va ish qidirayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlarini belgilab beradi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini buzgani, jumladan, elektron hujjat, so‘rov, arizachi nomidan murojaatni qabul qilishni rad etish, davlat xizmatlari ko‘rsatishda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi va muddatlarini buzganlik, arizachidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish ma’muriy reglamentida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilish, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi vakolatli davlat organlarining qonuniy talablarini ko‘rsatish sohasidagi vakolatli davlat organining qonuniy talablarini bajarmaslik bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish orqali mas’uliyatni kuchaytirish belgilangan. Qonun ijrosining nazorati Adliya vazirligiga yuklatilgan.
Fraksiya yig‘ilishida boshqa bir qator qonun loyihalari ham ko‘rib chiqildi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda jamiyatimizning turli sohalarini isloh qilishga doir bir qator qonun hujjatlari ko‘rib chiqildi.
“Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi
Fraksiya a’zolari qonunlarning yuqori sifati va barqarorligiga erishish, ularni hayotga tatbiq etishning ishonchli mexanizmini yaratish partiya deputatlik korpusining dasturiy vazifasi ekanini qayd etdi. Taklif etilayotgan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga ko‘ra, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini belgilashga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Muhokamalar jarayonida fraksiya a’zolari “Adolat” SDP davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash, bu boradagi qonun va qonunosti hujjatlarini hayotga samarali tatbiq etishda ularning o‘zaro muvofiqligini ta’minlash tarafdori ekanini ta’kidladi. Qonun loyihalari deputatlar tomonidan konseptual jihatdan ma’qullandi.