O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston – Afg‘oniston do‘stlik aloqalari yangi bosqichda
2018-04-11 | Jamiyat
Termizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida “O‘zbekiston – Afg‘oniston munosabatlari: siyosiy taraqqiyotning yangi bosqichida” mavzuiga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Surxondaryo viloyati kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, partiyaning “Yosh liberallar” klubi a’zolari, talabalar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda joriy yil mart oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, barqaror rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
O‘zbek va afg‘on xalqlari azaldan yaqin qo‘shni, o‘zaro do‘st bo‘lib yashab kelgan. Afg‘onistonda notinchlik hukm surayotgan hozirgi davrda ham O‘zbekiston qo‘shni davlatda barqarorlikni tiklash, iqtisodiyotni yuksaltirish tarafdori bo‘lib kelmoqda.
BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan davlatlar, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar vakillari ishtirok etgan mazkur anjuman xalqaro ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Davlatimiz rahbarining bu mamlakatda tinchlik jarayoni muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’minlash uchun afg‘onistonliklarning o‘zlari tashabbus ko‘rsatishi, muzokaralar qanday formatda, qachon va qayerda olib borilishi bo‘yicha tanlash imkonini berish zarurligi to‘g‘risidagi fikri uzoq yillardan buyon hukm surayotgan nihoyatda murakkab nizolarga yechim topishda muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston Afg‘oniston bilan qo‘shni davlatlarning savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik aloqalarini o‘rnatishida ham namuna bo‘layotgani e’tiborlidir. Xususan, qo‘shni davlatda barqarorlikni tiklash, iqtisodiyotni yuksaltirish tashabbuskori bo‘lib kelayotgan mamlakatimiz Afg‘onistonda tog‘-kon sanoati, qurilish, energetika, ta’lim sohalaridagi loyihalarni ruyobga chiqarishda qatnashmoqda. O‘zbekiston yordami bilan yaqin qo‘shnilarimiz uchun yuqori voltli elektr energiyasi va optik tolali kabel liniyalari, suv ta’minoti tarmog‘i, ko‘priklar, temir yo‘l bunyod etilgan. Neft mahsulotlari, elektr energiyasi, mineral o‘g‘itlar, polietilen qop, oziq-ovqat va boshqa xalq istemoli mollari yetkazib berilmoqda. Qo‘shni mamlakat iqtisodiyotini tiklash, yangi ish o‘rinlari yaratish va tranzit salohiyatini oshirishga ko‘maklashayotir.
Termiz tumanida barcha zamonaviy sharoitlarga ega O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi tashkil etilgani davlatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik aloqalarining yorqin ifodasi sifatida e’tirof etilmoqda. Muhtasham ta’lim muassasasi Afg‘oniston tomoni ehtiyojlari asosida iqtisodiy-ijtimoiy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalar uchun yetuk malakali oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Ayni paytda markazda 100 ga yaqin afg‘on o‘g‘il-qizlari o‘zlari tanlagan kasb sirlarini o‘rganmoqda.
– Mazkur anjumanda ishtirok etib, boy taassurot va kelajakka katta umidlar bilan qaytdik, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabasi Faruqu Abdul Salim. – Davlatlarimiz rahbarlarining Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish haqidagi fikr-mulohazalaridan benihoya quvondik. Toshkentdan kelishimiz bilan xalqaro konferensiyadan olgan taassurotlarimizni afg‘onistonlik talaba-yoshlarga faxr bilan so‘zlab berdik. Bu bizni yanada ko‘proq o‘qib, izlanishga undadi. Yorqin kelajagimizga ishonchni mustahkamlab, barqaror rivojlanadigan Vatanimizga munosib mutaxassislar bo‘lib ulg‘ayishga ishtiyoqimizni oshirdi.
– Biz yon qo‘shnimiz, afg‘onistonlik tengdoshlarimizning ham yurtimiz yoshlaridek tinch, shodon hayot kechirishi tarafdorimiz, – deydi Termiz davlat universiteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Lutfiya Baratova. – Mamlakatimiz poytaxtida o‘tkazilgan mazkur xalqaro konferensiya ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilganidan faxrlanamiz. Shuningdek, ularning zamonaviy ta’lim muassasalarida ilm-fan sirlarini chuqur egallab, o‘z yurti taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilishini istaymiz. Prezidentimiz g‘oyasi asosida barpo etilgan ushbu ta’lim markazi afg‘on do‘stlarimizga ana shunday baxt ulashayotganidan biz ham baxtiyormiz.
Tadbirda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. O‘zbekistonlik va afg‘onistonlik talaba-yoshlar ilm-fan, madaniyat, san’at va boshqa sohalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA