O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi xalqaro avtobus yo‘nalishi «Toshkent - Almati – Toshkent»
2018-04-11 | Jamiyat
Qozog‘iston Respublikasi Hukumati va O’zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2017-yil 23-martda Astana shahrida imzolangan 2006-yil 20-martdagi xalqaro avtomobil qatnovlari to‘g‘risidagi Bitimga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqidagi Bayonnomani amalga oshirish doirasida “O’zavtotrans” agentligi Qozog‘iston Respublikasi investitsiyalar va rivojlanish vazirligining transport qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Toshkent – Almati – Toshkent” xalqaro avtobus yo‘nalishini ochish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini amalga oshirdi.
Xalqaro avtomobil qatnovlari masalalari bo‘yicha o‘zbek-qozoq Qo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida (2017-yil 24-25-avgust Astana shahri) erishilgan ahdlashuvlarga muvofiq, mazkur yo‘nalishni ochish yuzasidan zarur yo‘nalish hujjatlari tayyorlandi.
Qayd etilgan yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish uchun o‘zbek tomonidan tashuvchi sifatida «ERKIN EMINA EXPRESS TOUR» MChJ belgilandi. Korxona o‘z navbatida, qozoq tomoni tashuvchisi «YuG TRANS LAYN» MChSh bilan Qozog‘iston Respublikasi hududida avtobuslarga xizmat ko‘rsatish (avtobuslar texnik ko‘rigi, haydovchilar tibbiy ko‘rigi, avtobuslarni qo‘riqlash va yuvish) yuzasidan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida shartnoma tuzdi.
Yo‘nalish masofasi 818 km.ni, yo‘ldagi vaqt esa 16 soat 30 daqiqani tashkil etadi. Jadvallarda “G’isht Ko‘prik” (O’zbekiston) va “Jibek Joli” (Qozog‘iston) chegara va bojxona nazorat punkti tekshiruvidan o‘tish uchun 30 daqiqadan vaqt ajratilgan.
Tashuvchilar tomonidan yo‘nalish bo‘yicha yo‘l haqi narhi 100 ming so‘m va tegishli ravishda 4000 ming tenge narhda tashilishi tashuvchilar tomonidan e’lon qilindi.
Avtobuslar harakati jadvaliga rioya etish maqsadida, tomonlar bojxonachilari va chegarachilari “Toshkent – Almati – Toshkent” xalqaro avtobus yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan avtobuslar va yo‘lovchilarni “G’isht Ko‘prik” (O’zbekiston) va “Jibek Joli” (Qozog‘iston) chegara va bojxona nazorat punktlaridan o‘tish jarayonini ustuvor tartibda amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni hal etdilar, bu esa yo‘lovchilar uchun muhim va ahamiyatli hollardan biridir.
“Toshkent – Almati – Toshkent” xalqaro avtobus yo‘nalishi ochilishi 2018-yil 11-aprel kuni soat 16.00 da bo‘lib o‘tadi va muntazam qatnovlar joriy yilning 12-aprelidan boshlab “Toshkent” avtovokzalidan kuniga 3 tadan (soat 16-00; 17-00 va 18-00) qatnov amalga oshiriladi.
«Almati – Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha avtobuslar qatnovlari «Sayran» avtovokzalidan amalga oshiriladi.
Qayd etilgan mazkur yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish uchun o‘zbek tomonidan tashuvchi «ERKIN EMINA EXPRESS TOUR» MChJ «YUTONG» (Xitoy) rusumli avtobuslaridan foydalanadi, qozoq tomonidan esa, tashuvchi «YuG TRANS LAYN» MChSh «VANHOL» (Belgiya) rusumli avtobuslaridan foydalanadi.