O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qat’iy belgilangan soliq bo‘yicha qanday o‘zgartirishlar kiritilgan
2018-04-11 | Jamiyat
Joriy yilda tadbirkorlik subyektlariga soliq yukini yanada kamaytirish maqsadida yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari o‘rtacha 30 foizga pasaytirildi.
Bundan tashqari yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyatini amalga oshiradigan hududiga qarab ajratgan holda soliqqa tortish amaliyoti takomillashtirildi. Ya’ni, qat’iy belgilangan soliq stavkasi ilgari Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyat markazi bo‘lgan shaharlar hamda boshqa aholi punktlari bo‘yicha belgilangan bo‘lsa, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab, ular qatoriga "boshqa shaharlar" ustuni ham kiritilib, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatining har bir turi bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq stavkalari belgilandi.
Ushbu o‘zgartirishlarga muvofiq, oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan chakana savdo qilish faoliyati turlari birlashtirilib, qat’iy belgilangan soliqning bir oydagi stavkasi o‘tgan yili Toshkent shahrida eng kam ish haqining (keyingi o‘rinlarda – EKIH) 10 barobari miqdorida bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda EKIHning 7 barobari miqdorida belgilandi.
Shuningdek, mazkur faoliyat turi bo‘yicha Nukus shahri va viloyat markazi bo‘lgan shaharlarda qat’iy belgilangan soliqning bir oydagi stavkasi o‘tgan yili EKIHning 6,5 barobari miqdorida bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda EKIHning 5 barobari miqdorida belgilandi.
Shu bilan birga, yangidan kiritilgan "boshqa shaharlar" uchun qat’iy belgilangan soliqning ushbu faoliyat bo‘yicha bir oydagi stavkasi joriy yilda EKIHning 3 barobari miqdorida belgilandi.
Ushbu faoliyat turi bo‘yicha boshqa aholi punktlari uchun qat’iy belgilangan soliqning bir oydagi stavkasi o‘tgan yili EKIHning 3 barobari miqdorida belgilangan bo‘lsa, joriy yilda EKIHning 2,5 barobari miqdorida belgilandi.
Bundan tashqari, "Avtomobil transportida yuk tashish xizmatlari" uchun belgilangan qat’iy belgilangan soliq stavkalari hamda soliqqa tortiladigan yuk avtomobillarining turlari qayta ko‘rib chiqildi.
Jumladan, 3 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillari uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi o‘tgan yili EKIHnig 2,0 barobari miqdorida bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda EKIHning 1,5 barobari miqdorida;
8 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillari uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi o‘tgan yili EKIHnig 3,0 barobari miqdorida bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda EKIHning 2,0 barobari miqdorida;
o‘tgan yili 8 tonnadan ortiq yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillari uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi EKIHning 4,0 barobari miqdorida bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu avtomobillarning turi kengaytirilib, 12 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillari kiritildi va ular uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi EKIHnig 3,0 barobari miqdorida;
12 tonnadan ortiq yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillari uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi EKIHnig 3,5 barobari miqdorida belgilandi.
Shuningdek, qat’iy belgilangan soliq to‘lovchilarning barcha toifalari uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi yil boshiga – 2018 yilning 1 yanvar holatiga belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan (172 240 so‘m) kelib chiqib aniqlanishi va yil davomida eng kam ish haqi miqdori o‘zgargan taqdirda ham qayta ko‘rib chiqilmaslik tartibi saqlab qolindi.
Soliq kodeksining 372-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga asosan faoliyatning ayrim turlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan qat’iy belgilangan soliqning hisob-kitobini soliq bo‘yicha hisobga olingan joydagi davlat soliq xizmati organiga faoliyat yuritayotgan soliq to‘lovchilar tomonidan – hisobot yilining 10 yanvarigacha taqdim etilishi;
Kodeksning 375-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga asosan, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan qat’iy belgilangan soliqni oyning 10-sanasidan kechiktirmay to‘lash muddati belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-5270-sonli Farmoni bilan I va II guruh nogironlari uchun belgilangan imtiyozlarning huquqiy asoslarini ta’minlash maqsadida, Soliq kodeksining 3741-moddasi ikkinchi qismi qayta tahrir qilinib, unda yakka tartibdagi tadbirkor zimmasiga uning yollagan har bir xodimi uchun amalga oshirilayotgan faoliyati turi bo‘yicha nazarda tutilgan qat’iy belgilangan soliqning 30 foizi, I va II guruh nogironlari bo‘lgan xodimlar uchun esa, yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan qat’iy belgilangan soliqni – EKIHning 15 foizi miqdorida to‘lash tartibi joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 iyuldagi PF-5116-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari ijrosining huquqiy asoslarini ta’minlash maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 30 dekabrdagi O‘RQ-455-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining "Bankrotlik to‘g‘risida"gi, "Davlat soliq xizmati to‘g‘risida"gi, "Elektron tijorat to‘g‘risida"gi Qonunlari va O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik hamda Soliq kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, unda rivojlangan mamlakatlarning ish tajribalarida sinalgan yangi soliq ma’murchiligi me’yorlari bilan qonun hujjatlari me’yorlari to‘ldirildi.
Jumladan, Fuqarolik kodeksining 26-moddasiga, Soliq kodeksining 62-moddasiga va "Bankrotlik to‘g‘risida"gi Qonunning 27 ta moddasiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, qarzdorlar – avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqqan pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlarning talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishga qodir bo‘lmagan, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslarga nisbatan ham bankrotlik tartib-taomillarini qo‘llash belgilandi.
Unga muvofiq, endilikda iqtisodiy sud qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsning hamda bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning asoslantirilgan iltimosnomasiga binoan qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsning qonun hujjatlariga muvofiq, undiruvni qaratish mumkin bo‘lgan nolikvid mol-mulki yoki realizatsiya qilinishidan kelgan daromadi qonunchilikka asosan kreditorlarning talablarini qondirishga yo‘naltirilishi mumkin.
Internet tarmog‘ida savdo va xizmatlar ko‘rsatish sohasida soliq nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish maqsadida, Soliq kodeksining 84-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, bojxona organlari har oyda eksport-import operatsiyalari, shuningdek, tovarlarni olib o‘tish, shu jumladan, bojxona chegarasi orqali elektron tijorat shaklida amalga oshirilgan tovarlarni olib o‘tish haqidagi ma’lumotni davlat soliq xizmati organlariga ma’lum qilishi belgilandi.
Shuningdek, ushbu moddaga qo‘shimcha kiritilgan o‘n sakkizinchi qism bilan Internet jahon axborot tarmog‘i milliy segmentining domen nomlari tizimini belgilovchi organ tegishli ma’lumotlar bazasiga ulanish uchun dasturiy vositalarni taqdim etish orqali davlat soliq xizmati organlariga domen nomlari administratorlari to‘g‘risidagi axborotdan foydalanish imkoniyatini berishi joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi "Elektron tijorat to‘g‘risida"gi Qonunining 11-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, elektron tijorat ishtirokchisi – tovarlarni sotuvchi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran, faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirgan taqdirda esa, tegishli litsenziyani olgan paytdan e’tiboran amalga oshirish huquqiga egaligi;
"Elektron tijorat to‘g‘risida"gi Qonunga kiritilgan yangi "Elektron tijorat sohasida hisob-kitoblar" 111-moddasida elektron tijorat sohasida hisob-kitoblar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, "Elektron to‘lovlar to‘g‘risida"gi va "Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida"gi Qonunlar, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi belgilandi.
Shuningdek, Soliq kodeksining 211-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga asosan, tadbirkorlik faoliyati doirasida jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan yog‘och-taxta materiallari va yog‘ochga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz bekor qilindi. Mazkur o‘zgartirish ham 2018 yilning 1 aprelidan e’tiboran kuchga kiradi.