O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yuridik xizmat: qaror ijrosi va kelgusi rejalar
2018-04-11 | Jamiyat
Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qarorning qabul qilinganiga bir yil to‘ldi.
Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning 10 aprel kuni “Yuridik xizmat: qaror ijrosi va kelgusi rejalar” mavzusida soha mutaxassislari uchun davra suhbati o‘tkazildi. Unda Davlatimiz rahbarining “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash, ularning xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va malakasini oshirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilanganligi qayd etildi.
Alohida ta’kidlash joizki, qaror bilan belgilangan yana bir muhim masala davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlarini tashkil etishning aniq shakllari, minimal normativ va mezonlarining qat’iy belgilab berilganidir.
Ushbu talabdan kelib chiqib, bugungi kunda, davlat organlari
va tashkilotlarining yuridik xizmatlarida 5 100 ta shtat birliklari mavjud bo‘lib, shundan 1750 ta yuridik xizmat shtat birliklari yangi tashkil etildi.
Yangi joriy etilgan talablardan yana biri, yuridik xizmat xodimini adliya organlari bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanishi va undan ozod etilishi, sohaga malakali kadrlarni tanlash hamda ularni ishonchli himoya qilish imkonini bermoqda.
Xususan, adliya organlari bilan kelishgan holda 1710 nafar malakali yuridik xizmat xodimlari lavozimlarga tayinlandi.
Adliya vazirligi tomonidan yuridik xizmat lavozimiga birinchi marta tayinlangan yosh kadrlar bilan ishlashga ham alohida e’tibor qaratilib, ularni kelajakda mukammal, yetuk kadr bo‘lib yetishishlariga ko‘maklashilmoqda. Xususan, 350 nafar yosh xodimlar adliya organlarida stajirovkadan o‘tkazildi.
Davlat organlari va tashkilotlarida ko‘rsatilayotgan yuridik xizmat faoliyatini sifatiga ham alohida urg‘u berilib, yangi tartib bo‘yicha endi har uch yilda xodimlar malakasini oshirishi va attestatsiyadan o‘tishlari majbur etib belgilandi.
Bu borada Adliya vazirligi tomonidan yuridik xizmat xodimlarini malakasini oshirish bo‘yicha har bir hududda sayyor o‘qishlar tashkil etildi. Avval hududiy davlat organlari va tashkilotlarida xizmat qilayotgan yuridik xizmat xodimlari 300-1100 km yo‘l bosib, Toshkent shahrida malakasini oshirishgan. Endi bo‘lsa, Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazining o‘qituvchilaridan iborat guruhlar tomonidan viloyatlarda sayyor o‘qish tashkil etilib, natijada davlat organlari va tashkilotlarining 1165 nafar yuridik xizmat xodimlarini malakasini oshirishga va 750 nafarini attestatsiyadan o‘tkazilishiga erishildi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yuridik xizmat xodimlarining moddiy ta’minoti darajasini oshirish va sohaga amaliy tajribaga ega yuqori malakali kadrlarni jalb qilish maqsadida yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalarini berish tartibi, uzoq muddat xizmat qilganligi uchun beriladigan har oylik ustamalar to‘lanishi hamda sudgacha va sud tartibida davlat organi
va tashkiloti foydasiga hal qilingan nizolar yuzasidan har chorakda mukofotlash tizimi joriy etildi.
750 nafar yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari berilib, ularga 15 dan 18 foizgacha hamda ko‘p yillik xizmati uchun 5 dan 30 foizgacha miqdorda ustama haq to‘lanmoqda.
Shu bilan birga, yuridik xizmat ishini to‘liq va samarali tashkil etish uchun xodimning ish joyini jihozlashga doir minimal talablar belgilandi. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ushbu talablarga rioya etilayotganlik holatlari doimiy nazoratga olinib, 1635 nafar yuridik xizmat xodimlariga ishlash uchun yetarli sharoitlar yaratilmaganligi holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilganidan so‘ng, ularga xizmat vazifalarini bajarish uchun yetarli sharoitlar yaratib berildi.
Endilikda, yuridik xizmatdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlardan internet orqali erkin foydalanish imkoniyati yaratildi.
Adliya vazirligi va hududiy adliya organlari tomonidan yuridik xizmat faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga kerakli metodik yordam ko‘rsatish maqsadida turli qo‘llanmalar, ya’ni qonunchilikni tizimlashtirish, normativ huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan xulosalar tuzish hamda shartnoma, talabnoma-da’vo ishlarini yuritish bo‘yicha metodik qo‘llanmalar ishlab chiqilib, foydalanish uchun yuridik xizmatlarga yetkazib berilmoqda.
Bugungi kunda, respublikamizning eng olis va chekka hududlaridagi davlat organlari va tashkilotlarida ham yuridik xizmat tashkil etilgan bo‘lib, ular davlat idoralarida qonuniylikni ta’minlash, yangi chiqayotgan normativ hujjatlarni ijrochilarga va keng ommaga yetkazish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan faoliyatlarini professional tarzda bajarib kelishmoqda.