O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ichki ishlar vazirligida 5 mingdan ortiq adabiyotlar jamlangan kutubxona faoliyat ko’rsatmoqda
2018-04-11 | Madaniyat
Bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimlarining ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini kengaytirish, ularning kasbiy, siyosiy-huquqiy bilimlarini yanada oshirish, shaxsiy tarkib o’rtasida kitobxonlikni rivojlantirish borasida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ma’rifat va axborot-resurs markazining tashkil etilishi ham yuqoridagi fikrimizning isbotidir.
Ushbu markaz O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarori talablari asosida IIV muzeyi va Kutubxonasi negizida tashkil etilgan bo’lib, Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi, 5 mingdan ortiq adabiyotlar jamlangan o’quv zali va 6 mingdan ortiq elektron resurslardan iborat elektron kutubxonani o’z ichiga oladi.
Kutubxona “Sharq ziyokori”, “Yoshlar matbuoti” va “O’zdavkitobsavdota’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “O’zbekiston” va “Yangi asr avlodi”nashriyot matbaa ijodiy uylari, “O’zbekiston Milliy entsiklopediyasi” nashriyoti, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi ixtisoslashtirilgan “Adolat” nashriyotidan sotib olingan turli janrdagi adabiyotlar, o’quv qo’llanmalari bilan boyitilgan.
Kutubxona sektsiyalari quyidagicha taqsimlab chiqilgan: O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev asarlari, O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov asarlari, siyosat, huquq va tarixga oid adabiyotlar, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-ommabop asarlar, psixologiya, tibbiyot, badiiy, jahon, bolalar va xorijiy tillar adabiyoti.
Kutubxona tarmoq orqali Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi elektron resurslar bazasiga ulangan bo’lib, xodimlar shu erning o’zidan Milliy kutubxona resurslaridan foydalanishlari mumkin.
Kutubxona uchun markaziy davriy nashrlar, gazeta va jurnallar, qonun hujjatlari to’plamlari, Oliy Majlis va Hukumat qarorlari axborotnomalari, Oliy sud plenumi qarorlariga obuna tashkil etilgan.
Xodimlarning kutubxonaga tashrifini, kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida “Eng yaxshi kitobxon” kabi ko’rik-tanlovlarni tashkil etish va g’oliblarni rag’batlantirib borish yo’lga qo’yilmoqda. Kutubxona xizmatlaridan IIVning barcha xodimlari, ishchi va xizmatchilari foydalanishlari mumkin.
A.Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasiga a’zo bo’lgan hamda kutubxonaning ID-kartasiga ega bo’lgan foydalanuvchilar masofadan turib Milliy kutubxonaning barcha elektron resurslaridan foydalanish, shuningdek, noyob kitoblar, dissertatsiya va avtoreferatlarga oldindan buyurtma berish imkoniyatiga egalar.
Kutubxonada noyob asarlardan iborat “O’zbekiston milliy merosi jahon to’plamlarida” 10 jildli kitob-albom jamlanmasi va Alisher Navoiy asarlari to’plami ham joy olgan.