O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonning investitsiyaviy loyihasi “AIM Investment Awards” g‘olibi bo‘ldi
2018-04-11 | Iqtisodiyot
Dubayda (BAA) “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar orqali rivojlangan va rivojlanayotgan bozorlarni birlashtirish: har tomonlama o‘sish hamda barqaror rivojlanish yo‘lida sheriklik munosabatlari” mavzuida VIII Yillik sarmoyaviy forumning (“Annual Investment Meeting – AIM”) ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur forum yangi aloqalar o‘rnatish va salohiyatli xorijiy investorlarni jalb qilishda muhim xalqaro maydonlardan biri sanaladi. Bu yilgi tadbirga dunyoning 140 mamlakatidan 19 ming nafardan ziyod mehmon tashrif buyurdi. “AIM” doirasida energetika va kon sanoati, ishlab chiqarish, agrosanoat, infratuzilma hamda logistika tarmoqlari, turizm va mehmonxona biznesi, moliya, bank ishi, savdo, axborot texnologiyalari hamda telekommunikatsiyalar, ko‘chmas mulk va konsalting sohalarining taraqqiyoti muhokama etiladi.
Tadbir Birlashgan arab amirligi Vitse-prezidenti va Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi - shayh Muhammad bin Rashid Al Maktum ko‘magi ostida BAA iqtisodiyot vazirligi tomonidan tashkil etildi.
Forum doirasida “Dunyoning turli hudularida 2017-yilning eng yaxshi investitsiyaviy loyihasi” nominatsiyasida “AIM 2018 Investment Awards” taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi investitsiya qo‘mitasining neft va gaz sohasidagi investitsiyaviy loyihasi “Markaziy Osiyo, Rossiya va Kavkazda 2017-yilning eng yaxshi investitsiyaviy loyihasi uchun” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Qayd etish joizki, mukofot iqtisodiy jihatdan foyda keltiruvchi xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha sermashaqqatli ishlarni amalga oshirilishda munosib hissa qo‘shgani va umuman olganda, iqtisodiyotning rivojlanishi hamda bozorni kengaytirishda ko‘rilgan choralar uchun beriladi.
Tadbirda O‘zbekiston tomonidan Navoiy viloyati hokimining investitsiya, innovatsiyalar va turizm bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Islomov ishtirok etdi.