O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«O‘zbekinvest»: Ishonchli va kafolatli sug‘urta xizmati
2018-04-11 | Iqtisodiyot
Aholi sog‘ligi yoki mol-mulkiga baxtsiz hodisa oqibatida zarar yetganda zarur moliyaviy ko‘mak berish «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi faoliyatining negizini tashkil etadi. Kompaniya mijozlarning sug‘urta hodisasi yuzasidan murojaatini imkon qadar tez ko‘rib chiqib, sug‘urta qoplamasini o‘z vaqtida to‘lab berishga ustuvor e’tibor qaratadi.
Raqamlarga murojaat qilsak, 2018-yilning I choragida «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi tomonidan jami 2 ming 594 ta sug‘urta da’volari ko‘rib chiqilib, 6 mlrd. so‘m sug‘urta qoplamasi to‘lab berilgan. Shundan qariyb 4,6 mlrd. so‘mi yuridik shaxslarga to‘langan bo‘lsa, 1,4 mlrd. so‘mi jismoniy shaxslar ulushiga to‘g‘ri keladi.
Shunday qilib, joriy yilning har oyida o‘rtacha 864 ta sug‘urta da’vosi ko‘rib chiqilgan. Asosan ipoteka sug‘urtasi, transport vositalarini ixtiyoriy sug‘urtasi, mol-mulk sug‘urtasi, ixtiyoriy tibbiy sug‘urta, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha sug‘urta qoplamalari to‘lab berilgan. Amalga oshirilgan sug‘urta qoplamalarining 72 foizi yoki 4,3 mlrd. so‘mi ixtiyoriy sug‘urta, 28 foizi yoki 1,7 mlrd. so‘mi esa majburiy sug‘urta turlari hisoblanadi.
Birgina shu yil mart oyining o‘zida sodir bo‘lgan sug‘urta hodisalari bo‘yicha berilgan da’vo arizalari ko‘rib chiqilishi natijasida yetkazilgan zararlarni qoplab berish uchun 1 mlrd. so‘mdan ortiq sug‘urta qoplamalari amalga oshirildi. Xususan, neftni qayta ishlash sohasida ixtiyoriy transport vositasi sug‘urtasi bo‘yicha 177 mln. so‘m, temir yo‘l sostavi sug‘urtasi bo‘yicha 156 mln. so‘m sug‘urta qoplamalari to‘lab berildi.
Ta’kidlash joizki, «O‘zbekinvest» kompaniyasi tomonidan aholi bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish maqsadida Ishonch telefonlari, tunu kun ishlovchi dispetcherlik xizmati joriy etilgan. Shuningdek, Toshkent shahri va poytaxt viloyati hududi bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi assistans faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, sug‘urta hodisasi yuz berganda kompaniya xodimlari voqea joyiga yetib borib, ishonchli va kafolatli yordam ko‘rsatmoqda.
Shavkat Tohirov, O‘zA