Parlamentning ayrim deputatlari adabiyot, kinematografiya va boshqa san’atlar sohasidagi ko‘zga ko‘rinarli yutuqlar uchun Qirg‘izistonda “Chingiz Aytmatov” ordeni ta’sis etilishi borasida taklif bilan chiqdi.
Mukofot sermahsul ijodiy faoliyat, gumanizm g‘oyalarini ilgari surish, tinchlikni mustahkamlash va insoniyatning ma’naviy taraqqiyoti uchun chet ellik fuqarolarga ham topshirilishi mumkin.
Tashabbuschilar Chingiz Aytmatov zamonamizning mashhur yozuvchisi va faylasufi, shuningdek, qirg‘iz adabiyoti va ijodining ramzi ekanligini ta’kidlashgan. O‘zining ijodi va xalqaro jamoatchilik faoliyati bilan yozuvchi jahon adabiyoti va san’atining rivojiga hissa qo‘shgan. Bundan tashqari, yangi davlat mukofotining ta’sis etilishi 2018-yilda Chingiz Aytmatovning 90 yillik yubileyi nishonlanishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Qonun loyihasi Jo‘qorg‘u Keneshga ko‘rib chiqish uchun havola qilingan. Bugungi kunda Qirg‘iziston davlat mukofotlari ro‘yxatida 6 ta orden bor bo‘lib, bular – I, II, III darajali “Manas”, “Qurbonjon dodho”, “Danaker”, “Dank”, “Do‘stuq” va “Botir ona” ordenlaridir.
Sharofiddin To‘laganov