O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Huquqiy axborot kunlari: Farg‘ona tafsilotlari
2018-04-10 | Jamiyat
Yangi qabul qilinayotgan qonunlar va qonun osti hujjatlarini mamlakatimizning barcha hududlariga yetkazish, aholini o‘z huquqlarini himoya qila oladigan darajaga olib chiqish, adliya organlarini xalqqa yanada yaqinlashtirish maqsadida Adliya vazirligining tashabbusi bilan joriy yilning 6-8 aprel kunlari Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak!” shiori ostida “Huquqiy axborot kunlari” o‘tkazildi.
Adliya boshqarmasi xodimlari, advokatlar va boshqa davlat organlari xodimlaridan iborat 10 ta “Huquqiy targ‘ibot guruhlari” tuzildi va ular xonadonlarga kirib borib, fuqarolar bilan muloqot olib bordilar.
Aholi bilan muloqot jarayonida “manzilli huquqiy targ‘ibot” o‘tkazishga alohida e’tibor berildi. Ya’ni, fuqarolardan adliya organlariga, Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar, internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali kelayotgan savollar tahlili orqali aholi uchun bugungi kunda dolzarb mavzular aniqlab olindi va targ‘ibot asosan ana shu mavzular bo‘yicha olib borildi. Bunday dolzarb mavzular kommunal xizmatlar sohasi, tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish, moddiy yordam olish, arzon uy-joy olish, ishga joylashish, mehnat migratsiyasi kabi aholining kundalik hayotida ko‘p uchraydigan masalalardan iborat bo‘ldi.
Bundan tashqari, muloqot davomida yangi qabul qilinayotgan qonunlar va qonun osti hujjatlari haqida aholiga ma’lumot berish bilan birga advokatlar, davlat tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlarini jalb qilgan holda fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar berildi, zarur holatlarda sayyor notarial harakatlar amalga oshirildi.
Hududdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholi bilan suhbatlar o‘tkazilib, oilani mustahkamlashda erkak va ayolning o‘rni va vazifalari, yaqin qarindoshlar o‘rtasida, shuningdek, barvaqt oila qurishning salbiy holatlari, bola va onaning huquqlari hamda ajrashishning salbiy oqibatlari haqida tushunchalar berildi. Yoshlar bilan o‘tkazilgan suhbatlarda alkogol ichimliklari va giyohvand moddalari iste’mol qilishning salbiy oqibatlari, ommaviy madaniyat, ya’ni TV va internet orqali kirib kelayotgan hamda milliy mentalitetga xos bo‘lmagan begona urf-odatlarning zararlari tushuntirildi.
Tadbirlar davomida Prezidentimiz tashabbusi bilan yaqinda tashkil qilingan davlat xizmatlari markazlarining maqsad va vazifalari aholiga tushuntirildi, markazlarda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari turlari haqida ma’lumot berildi.
Tadbir doirasida og‘zaki huquqiy targ‘ibot o‘tkazish bilan birga, aholiga dolzarb huquqiy mavzularda bukletlar va boshqa bosma materiallar ham tarqatildi.
Hozirgi kunda axborot olishning eng qulay usullaridan bo‘lgan internetdan huquqiy bilimlarni oshirish uchun foydalanishning muhimligi aholiga tushuntirildi, bugungi kunda qariyb 80 000 kishi a’zo bo‘lgan Adliya vazirligining “Telegram” messenjeridagi “Huquqiy axborot” kanali, har kun o‘rtacha 15 000 kishi foydalanayotgan “LexUZ” sayti haqida ma’lumot berildi.
Nogironligi bor bo‘lgan bolalarning ko‘nglini olish, ularda ham qonunlar haqida tushuncha paydo qilish maqsadida, Quvasoy shahridagi kar-soqovlar maxsus maktab internati tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Qonun mening tasavvurimda” mavzusida rasm chizish tanlovi o‘tkazildi va barcha qatnashchilarga sovg‘alar ulashildi.
Tadbirning uchinchi kuni Quvasoy shahrining hiyobonida tashkil qilindi va u sayilga aylanib ketdi.
Hiyobonga joylashtirilgan 70 turdan ortiq plakatlar, tarqatilgan 44 turdagi bukletlarda fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiluvchi ma’lumotlar xalchqil, sodda va tushunarli shaklda namoyish etildi.
Bundan tashqari, tadbirga shahar aholisi orasidan “Oltin to‘y”ini nishonlagan namunali oilalar taklif qilindi va ular yig‘ilganlar bilan o‘z hayotiy tajribalari bilan bo‘lishdilar, oiladagi ahillikni saqlash bo‘yicha yosh oilalarga, yigit-qizlarga tavsiyalar berdilar.