O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi loyihalar amalga oshiriladi
2018-04-10 | Iqtisodiyot
Farg‘ona viloyatida joriy yilda 211 million dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilingan holda, 18 yirik loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu 3 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Viloyatda bugungi kunda 200 dan ziyod qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni paytda xorijlik investorlarni yanada keng jalb etish maqsadida biznes forumlar, ko‘rgazmalar tashkil etilayotir.
5-6 mart kunlari Koreya Respublikasi va viloyat tadbirkorlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan biznes-forumda bir qator kelishuvlarga erishildi. “EVERGREEN MOTORS” va “PORSO DAEWOO” kompaniyalari tashabbusi bilan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida “Hyundai” kompaniyasi yuk avtomobillarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun 130 million dollar miqdorida investitsiya jalb etiladi.
“Honam vocational college” kompaniyasi va viloyat hokimligi o‘rtasida imzolangan memorandumga asosan, Farg‘ona shahrida mahalliy va xorijiy sanoat korxonalari talabiga javob beruvchi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydigan o‘quv markazi tashkil etish belgilandi. “Somang Global” kompaniyasi esa, “Ferghana city” istiqbolli loyihasi doirasida 200 kishiga mo‘ljallangan zamonaviy mehmonxona qurish orqali 2 million dollar miqdorida investitsiya jalb qilishni rejalashtirgan.
– To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, viloyat iqtisodiy salohiyatini chet ellik ishbilarmonlarga tanishtirish maqsadida aniq tadbirlar belgilab olingan, – deydi viloyat investitsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Doniyorbek G‘aniyev. – Latviya, Germaniya davlatlaridan ham turli kompaniya vakillari bu yerga kelib, sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Boshqarma tomonidan investitsiyalarni jalb etish, loyihalarni amalga oshirish jarayonidagi muammolar o‘rganilib, ularni amaliy hal etish ishlari olib borilmoqda.
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida gaz taqsimlash uskunalari ishlab chiqarish yo‘nalishida “DOOJIN”, sifatli va zamonaviy moylar ishlab chiqarish bo‘yicha “HYOSUNG INNOTECH”, Farg‘ona shahrida rentgent apparatlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Listem Fergana” qo‘shma korxonalari ro‘yxatdan o‘tib, qurilish ishlarini boshlab yubordi.
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA