O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholining huquqiy madaniyatini oshirish yo‘lidagi yana bir tashabbus
2018-04-10 | Jamiyat
Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida 6-8 aprel kunlari “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak!” shiori ostida “Huquqiy axborot kunlari” o‘tkazildi.
Adliya vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident farmon va qarorlari mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamiga yetkazish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, adliya organlarini xalqqa yanada yaqinlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
“Huquqiy axborot kunlari” doirasida adliya boshqarmasi, advokatlar va boshqa davlat organlari xodimlaridan iborat “Huquqiy targ‘ibot guruhlari” tuzildi. Mazkur guruhlar xonadonma-xonadon yurib fuqarolar bilan muloqotlar o‘tkazdi.
Muloqot jarayonida manzilli huquqiy targ‘ibot o‘tkazishga alohida e’tibor berildi. Ya’ni, fuqarolardan tushgan murojaatlar, ijtimoiy tarmoqlar orqali kelayotgan savollar – kommunal xizmatlar, tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish, moddiy yordam, arzon uy-joy olish, ishga joylashish, mehnat migratsiyasi kabi masalalarga javob qaytarildi.
Bundan tashqari, muloqotda yangi qabul qilinayotgan qonunlar, Prezident qarorlari va boshqa qonun hujjatlari haqida aholiga bepul huquqiy maslahatlar berildi, sayyor notarial harakatlar amalga oshirildi.
Hududdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholi bilan suhbatlar o‘tkazilib, oilani mustahkamlashda erkak va ayolning o‘rni va vazifalari, yaqin qarindoshlar o‘rtasida, shuningdek barvaqt oila qurishning salbiy holatlari, bola va onaning huquqlari hamda ajrashishning salbiy oqibatlari haqida tushunchalar berildi. Yoshlar bilan o‘tkazilgan suhbatlarda alkogol ichimliklari va giyohvand moddalari iste’mol qilishning salbiy oqibatlari, ommaviy madaniyat, ya’ni TV va internet orqali kirib kelayotgan hamda milliy mentalitetga xos bo‘lmagan begona urf-odatlarning zararlari tushuntirildi.
Tadbir davomida har bir huquqbuzarlikning salbiy oqibati borligini aholiga yetkazish, ularni qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash maqsadida oilaviy ajrimlar, mulkiy nizolar, transport vositalarini alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarishi kabi ko‘p uchraydigan huquqbuzarliklar yuzasidan sayyor sud majlislari o‘tkazildi.
Tadbir davomida Davlat xizmatlari markazlarining maqsad va vazifalari, markazlarda ko‘rsatiladigan davlati xizmatlari turlari haqida ma’lumot berildi. Huquqiy mavzularda bukletlar va boshqa bosma materiallar tarqatildi. Adliya vazirligining “Telegram” messenjeridagi “Huquqiy axborot” kanali, “Lex.uz” sayti haqida ma’lumot berildi.
Quvasoy shahridagi kar-soqovlar maxsus maktab internati tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Qonun mening tasavvurimda” mavzusida rasm chizish tanlovi o‘tkazildi va barcha qatnashchilarga sovg‘alar ulashildi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA