O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahar hokimligida birinchi xorijlik xodim faoliyat yuritmoqda
2018-04-06 | Jamiyat
Janubiy koreyalik Kim Yu Shik Toshkent shahar hokimi maslahatchisi bo'ldi. U mamlakat poytaxtida IT-loyihalarni rivojlantirishga ko'maklashadi.
Toshkent shahar hokimligiga birinchi xorijlik xodim ishga olindi. Janubiy koreyalik mutaxassis, Seul meriyasi departamenti vakili Kim Yu Shik shahar hokimining poytaxt ma'muriyati faoliyati tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi ishlariga mas'ul maslahatchisi bo'ldi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga hokimning investitsiyalar, innovatsiyalar va turizmni rivojlantirish masalalari bo'yicha o'rinbosari Alisher Tillaev xabar berdi.IT sohasida 20 yillik ish tajribasiga ega Kim Yu Shik Janubiy Koreya poytaxtida IT’ni rivojlantirish bilan shug'ullangan va Seuldagi barcha jamoat joylarining bepul Wi-Fi nuqtalari bilan ta'minlanishi bo'yicha loyihada ishtirok etgan.
Toshkent shahar hokimi uchun mutaxassis ajratilishi to'g'risidagi kelishuvga O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Koreya Respublikasiga noyabrь oyida qilgan davlat tashrifi doirasida erishilgan edi.
Janubiy koreyalik mutaxassis bilan bir yillik shartnoma tuzilgan. Hokim maslahatchisiga maoshni Seul meriyasi to'laydi, Toshkent hokimligi esa uning yashash va qatnovlar uchun ketgan xarajatlarini qoplaydi.
«Maslahatchining asosiy vazifalari — Toshkentda ham Seuldagidek shahar boshqaruvi bo'yicha situatsion markaz yaratilishidan iborat. Yagona markaz orqali shaharda kommunal soha, shaharsozlik, yong'in xavfsizligi, tezkor choralar ko'rish tizimlaridagi barcha vaziyatlarni onlayn rejimda kuzatish mumkin. Unga ko'chalardagi barcha kuzatuv kameralari ham ulanadi. Buni smart city („aqlli shahar“ — tah.) unsurlaridan biri deya hisoblash ham mumkin, ammo bu mutlaqo alohida loyiha», — deya ta'kidlaydi Alisher Tillaev.
Kim Yu Shik hokimlikka shahar kadastr xizmatiga veb-joylashuv tizimini joriy etishga ham yordam beradi. Bu kelishuv Janubiy Koreyaning GEO2 kompaniyasi bilan amalga oshirilgan. Ayni vaqtda hokimlik, GEO2 va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivjlantirish vazirligi qoshidagi Unicon.uz markazi ishtirokida uch tomonlama QK (qo'shma korxona) tuzilgan.
Yangi tizim notarial xizmatlar faoliyatidagi qog'ozbozliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi. «Tizimni joriy etishning mazmuni shundaki, har bir fuqaro o'z xonadonida mobil telefoni yoki kompьyuter orqali barcha kadastr hujjatlaridan foydalanish va soliq to'lash imkoniga ega bo'ladi. Notarial xizmatlar ham o'z xizmatlarini taqdim etishda elektron bazadan foydalana oladilar», — deydi hokim o'rinbosari.
Alisher Tillaev bu tijoriy loyiha ekanini ta'kidlab o'tdi. Uning qiymati qariyb 3 million dollarni tashkil etadi. Davlat bojidan tashqari, xizmatlar uchun komission to'lov ham belgilab olinadi.