O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zgidrometga MAGATE eksperti keldi
2018-04-06 | Jamiyat
Mart oyi so‘nggida MAGATE eksperti Andra-Rada Iurian UZB 1004 “Gidrometeorologiya xizmati markazi radioaktiv ifloslanish monitoringi laboratoriyasi va tarmoq bo‘linmalarini modernizatsiya qilish” loyihasi bo‘yicha O‘zgidrometga keldi.
Tashrifdan maqsad — UZB 1004 “Gidrometeorologiya xizmati markazi radioaktiv ifloslanish monitoringi laboratoriyasi va tarmoq bo‘linmalarini modernizatsiya qilish” loyihasi bo‘yicha olingan asbob-uskunalarga doir hamda ALMERA (atrof muhit radioaktivligini o‘lchash bo‘yicha tahliliy laboratoriyalar tarmog‘i)ga ulanish uchun buyurtma berish yuzasidan hujjatlarni tayyorlash masalalarini muhokama etishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida O‘zgidromet mutaxassislari loyiha qanday amalga oshirilayotgani, uning doirasida olingan asbob-uskunalardan foydalanish, shuningdek MAGATE bilan keyingi hamkorlik to‘g‘risida gapirdilar. O‘zgidromet radioaktiv ifloslanish laboratoriyasi boshlig‘i B.Tolipov mehmonni laboratoriyaning asosiy vazifasi — O‘zbekiston hududida radioaktiv ifloslanish kuzatuvlari, ularni baholash va tahlil qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.
Shuningdek, laboratoriyaning yana bir asosiy vazifasi — markazning tegishli bo‘limlari, jumladan FVVning hududiy bo‘linmalarini o‘z vaqtida kerakli ma’lumotlar bilan ta’minlashdan iboratligi xususida so‘z bordi.
Uchrashuvda 2019-2020 yillarda O‘zgidromet laboratoriyalarini keyingi modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihaviy taklif tayyorlanishi rejalashtirilmoqda.