O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar tarbiyasi borasidagi ishlar samaradorligi tanqidiy tahlil qilindi
2018-04-06 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda kengashning 2018 yil birinchi choragida amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida hisobot tinglandi va galdagi vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi F.Dadaxo‘jayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari A.Rahmonov ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, xalq shoiri I.Mirzaaliyev so‘zga chiqib, kengash a’zolarining faoliyatini tanqidiy tahlil qildi, mavjud muammolar haqida to‘xtaldi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi ijrosi yuzasidan Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti markaziy kengashi raisining o‘rinbosari M.Umarov so‘zga chiqdi.
Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, Amir Temur xalqaro xayriya jamoat fondi raisi N.Habibullayev buyuk ajdodimiz Amir Temur tavalludi kunini nishonlashga tayyorgarlik to‘g‘risida axborot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari A.Ikromov Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha takliflar bildirdi..
Prezidentimizning 2017-yil 23-avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Yuqoridagi masalalar muhokamasi chog‘ida videokonferensiya rejimida joylardagi ushbu bo‘linmalar vakillarining axborotlari tinglandi.
Jamoatchilik kengashi Mudofaa vazirligi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, fuqarolar va jamoatchilik birlashmalarini davlat mudofaasi va harbiy qurilish sohasiga jalb etish, harbiy xizmat nufuzini, yoshlarning ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyasini yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Ammo Jamoatchilik kengashining barcha a’zolari ham harbiy qismlarda tadbirlar o‘tkazishda tashabbuskorlik ko‘rsatmayotgani, faqat taklif qilingandagina ishtirok etayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, Jamoatchilik kengashi harbiy xizmatchilar oilalarini ijtimoiy himoya qilish, ularni uy-joy va tibbiy xizmat bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni tanqidiy tahlil qilish, zaxiraga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni kasbga moslashtirishga qaratilgan davlat dasturlari ijrosini monitoring qilish lozimligi ta’kidlandi.
Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hududiy bo‘linmalari faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha rejalar belgilab olindi.