O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Namunali kitob do‘konlari aniqlandi
2018-04-05 | Madaniyat
Navoiy shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Eng namunali kitob do‘koni” tanlovi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limlari va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tanlovda ma’rifat maskanlarining zamonaviy dizayni, kitob fondi va adabiyotlar turi, doimiy xaridorlar uchun imtiyozlar, ko‘chma kitob savdolarini tashkil etish, ko‘rishda nuqsoni bor kitobxonlar uchun audiokitoblar mavjudligi kabi ko‘plab jihatlarga e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda viloyatda 20 dan ortiq kitob savdosiga ixtisoslashgan do‘konlar mavjud. Ularda o‘quvchi didi va talabi puxta o‘rganilib, keng turdagi adabiyotlar fondi shakllantirilmoqda. Alohida mutolaa xonalari tashkil etishga e’tibor qaratilayotir.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limiga qarashli Alisher Navoiy nomidagi “Kitob olami” ma’rifiy majmuasi tanlov g‘olibi, deb topildi. “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbы” gazetalari tahririyati davlat korxonasi tasarrufidagi “Kitob olami” ma’rifat maskani ikkinchi, “Toshkent yoshlar matbuoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Navoiy filiali “Kitob dunyosi” do‘koni uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Tanlovda “Eng ommabop kitob do‘koni”, “Yoshlarga ixtisoslashgan kitob do‘koni” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar rag‘batlantirildi.
Nuriddin Rahimov, O‘zA