Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuida oziq-ovqat sanoati sohasiga ixtisoslashgan “WorldFood Uzbekistan – 2018” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O‘zsharobsanoat” AJ, Savdo-sanoat palatasi ko‘magi bilan “Iteca Exhibitions” hamda “ITE Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma kompaniyalari tashkilotchiligida o‘tmoqda.
O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati bozoridagi o‘ziga xos yangi imkoniyatlar maydonida Avstriya, Belarus, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Rossiya, Slovakiya, Sloveniya, Fransiya, Kipr, Latviya, Niderlandiya, Turkiya, Hindiston, Indoneziya, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Tailand, Shri-Lanka kabi 26 mamlakatdan 200 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda.
“WorldFood Uzbekistan” ko‘rgazmasi oziq-ovqat sanoatining ilg‘or tajriba va yo‘nalishlarini qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. Unda oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, sovutish hamda restoran uskunalari, qadoqlash texnologiyalari namoyish etilmoqda.
– Kompaniyamiz Xitoydagi eng yirik ishlab chiqaruvchilardan hisoblanadi. Choy yetishtiramiz, qadoqlaymiz va qariyb butun dunyoga sotamiz, – deydi “Hunan tea group” kompaniyasi ish boshqaruvchisi Anji Liu. – O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlik qilib kelayotganimizga ham 30 yil bo‘ldi. Bu davr mobaynida O‘zbekiston zamini bizga juda qadrdon bo‘lib qoldi. Bu ko‘rgazmada beshinchi bor ishtirok etayapmiz. U yangi sheriklar topishda qo‘l kelmoqda.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston – Belarus sanoatchilari xalqaro forumi o‘tkazilishi belgilangan. Unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oziq-ovqat sanoati bo‘yicha o‘zaro tajriba almashadi, savdo aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama etiladi.
Yana bir yangilik – O‘zbekistonda ilk bor “Riteyl markaz” o‘z ishini boshladi. Bu markaz oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari va savdo tarmoqlari o‘rtasida mahsulot yetkazib berish bo‘yicha bevosita muzokaralar maydoni vazifasini o‘taydi. Avvalgi yillardagi yo‘nalishlarni davom ettirgan holda pavilyonda “Qandolat mahsulotlari”, “Non yopish”, “Qayta ishlash uskunalari” shu’balari tashkil etilgan.
Xalqaro tadbir doirasida O‘zbekiston – Belarus ishbilarmon doira vakillari forumi, sohaga doir seminar bo‘lib o‘tadi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sifatlash bo‘yicha “Sifat ustasi” tanlovi g‘oliblari taqdirlanadi.
Ulug‘bek Asrorov, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA