O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kelganda dori bilan, ketganda tilla bilan
2018-04-04 | Jamiyat
“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan dori-darmon vositalarining mamlakatimizga noqonuniy olib kirilishiga qarshi chora-tadbirlar muntazam davom ettirilmoqda.
So‘nggi paytlarda ayrim jismoniy shaxslar tomonidan ular uchun bojxonada joriy qilingan yengilliklar va qulayliklarni sui’stemol qilishga bo‘lgan urinishlar tobora ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda.
Xususan, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida chegara-bojxona posti xodimlari Dehlidan uchib kelgan fuqaro J.Sodiqov tomonidan qiymati 24,4 mln. so‘mlik 1022 dona dori vositalarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yishdi.
Shuningdek, mazkur postda 2018 yilning 22 mart kuni Istambul va Dehlidan uchib kelgan 5 nafar yo‘lovchilar tomonidan dori-darmon vositalarining yashirincha olib kirilishiga doir qoidabuzarliklar fosh qilindi.
Fuqarolar X.Sharipova, D.Majidova, M.No‘monova, G.A’zamova, S.Dalimova va B.Tolipovlar ruxsat etilgan me’yorlardan ortiqcha bo‘lgan 25 mln. so‘mdan ortiq qiymatdagi 1324 dona farmatsevtika mahsulotlarini olib o‘tmoqchi bo‘lishgan. Gap shundaki, ushbu qoidabuzarlarning aksariyati bojxonada yashil yo‘lak orqali o‘tayotganda to‘xtatib qolingan.
Ular orasidagi shaxslardan biri B.Tolipovning qilg‘iliklari hammasidan o‘tib tushdi. Mazkur hodisadan ikki kun o‘tar-o‘tmas, yana Dehliga yo‘l olgan ushbu shaxs navbatdagi bojxona qoidabuzarligini sodir etdi.
Ya’ni, yashil yo‘lak orqali bojxonadan o‘tar ekan, uning bo‘yniga va qo‘liga taqilgan zanjirlar bojxonachilarning diqqatini tortdi. Sirtdan qaralganda, kumushga o‘xshaydigan ushbu taqinchoqlar aslida tilladan ishlangan bo‘lib, bojxonachilarni chalg‘titish maqsadida oq rangga bo‘yalgan ekan. Bundan tashqari, u qo‘lbola usulda tayyorlangan va tegishli probasi bo‘lmagan 1 dona quyma uzukni ham olib chiqmoqchi bo‘lgan.
Natijada, qoidabuzardan qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra taxminan 26,5 mln. so‘mni tashkil qiluvchi 171 gr. og‘irlikdagi tilla buyumlar olib qo‘yildi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, respublikamizda jismoniy shaxslar shaxsiy foydalanish uchun turli nomdagi 10 tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan dori vositalari, shuningdek 5 birlikdan ortiq bo‘lmagan tibbiy buyumlarni olib kirishlari yoki olib chiqishlari mumkin.
“Toshkent-AERO” IBK
Axborot xizmati