O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i
2018-04-04 | Jamiyat
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalarining uchinchi va to‘rtinchi shkalasi 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab 0,5 foizli punktga pasaytirildi va quyidagi miqdorlarda tasdiqlandi:
- eng kam ish haqining bir baravarigacha bo‘lgan daromadlarga – 0 foiz miqdorda;
- eng kam ish haqining bir baravaridan besh baravarigacha bo‘lgan daromadlarga – 7,5 foiz miqdorda;
- eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha bo‘lgan daromadlarga – 16,5 foiz miqdorda;
- eng kam ish haqining o‘n baravari va undan yuqori bo‘lgan daromadlarga – 22,5 foiz miqdorda belgilandi.
Bunda, soliq solinadigan daromadlar guruhlari bo‘yicha soliq solish shkalasi yil boshiga – 2018 yilning 1 yanvariga belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan (172 240 so‘m) kelib chiqib aniqlanadi va yil davomida eng kam ish haqi miqdori o‘zgargan taqdirda ham qayta ko‘rib chiqilmaydi.
2018 yilning 1 yanvaridan boshlab, belgilangan stavkalardan kelib chiqib hisoblangan, byudjetga to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasi fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o‘tkaziladigan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinadigan daromadlaridan "0" stavka bo‘yicha soliq solinadigan daromadni (eng kam ish haqining bir baravarini) chegirgan holda 2 foiz miqdorida hisoblab chiqariladigan har oylik majburiy badallar summasiga kamaytirilishi belgilandi.
Bunda, qonun hujjatlariga muvofiq eng kam stavka bo‘yicha soliq solinadigan jismoniy shaxslarning alohida daromad turlarini soliqqa tortish maqsadida eng kam stavka 7,5 foiz miqdorida qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-454-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining ayrim moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblash va to‘lash tartiblariga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, ushbu Kodeksning 176-moddasi 4-bandiga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, jismoniy shaxslarning mulkiy daromadlarini aniqlashda, jismoniy shaxslarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadni belgilashda, agar mol-mulkni olish narxi bo‘lmagan taqdirda uning kadastr narxi olinishi belgilandi.
Shuningdek, Kodeksning 179-moddasi 2-bandi uchinchi xat boshisiga o‘zgartirish kiritilib, unda ish beruvchi tomonidan o‘z xodimlarining o‘n olti yoshga to‘lmagan (o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar) bolalari bilan barcha sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalariga berilgan yo‘llanmalar qiymati summasini to‘liq yoki qisman qoplash imkoni berildi.
Ilgari ota-onalarning bolalari bilan dam olishga faqat maxsus mo‘ljallangan sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalariga berilgan yo‘llanma qiymati summasi to‘liq yoki qisman qoplanishi mumkin edi. Endi ushbu banddagi "ota-onalarning bolalari bilan dam olishga maxsus mo‘ljallangan" degan jumla chiqarib tashlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 6 noyabrdagi PQ-3377-sonli qarori bilan belgilangan tartibga muvofiq, Soliq kodeksining 179-moddasi 12-bandiga o‘zgartirish kiritilib, unda jismoniy shaxslar tomonidan o‘z tomorqalarida yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlari ushbu mahsulotlarni eksport qiluvchi yuridik shaxslarga sotilgan taqdirda ham olingan daromaddan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi, shuningdek, ulardan ushbu mahsulotlarni o‘z shaxsiy tomorqasida yetishtirilganligi to‘g‘risidagi hujjat talab qilinmasligi belgilandi.
Bundan tashqari, ushbu moddaning 18-bandi qayta tahrir qilinib, xalqaro hamda chet el tashkilotlari va fondlaridan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakil qilingan organning xulosasi bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining ilmiy-texnika hamkorligi sohasidagi xalqaro shartnomalari doirasida bevosita jismoniy shaxsning grant beruvchidan olgan grant summasini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi belgilandi. Bunda jismoniy shaxsning grant beruvchi yuridik shaxsdan olgan grantlari bo‘yicha imtiyoz bekor qilindi.
Ushbu moddaning 19-bandiga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, jismoniy shaxsning yuridik shaxsning ustav jamg‘armasini ko‘paytirishga yuborgan dividend shaklidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilishi belgilandi. Shu paytgacha jismoniy shaxsning yuridik shaxslarning ustav jamg‘armasiga yo‘naltirilgan, shuningdek, dividendlar tarzida olingan va dividend to‘lagan yuridik shaxsning ustav fondiga yo‘naltirilgan daromadlari bir yil ichida qaytarib olinmasa ushbu daromadlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmas edi.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, Soliq kodeksining 179-moddasi 18- va 19-bandlariga kiritilgan o‘zgartirishlar 2018 yilning 1 aprelidan e’tiboran kuchga kirdi.