O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonlik iqtidorli yosh olim xalqaro Albert Nelson Markuis mukofotini oldi
2018-04-04 | Jamiyat
Kuni kecha Janubiy Koreyadan ajoyib bir xushxabar eshitdik. Unda Janubiy Koreyaning “Yonnam” universiteti professori, namanganlik yosh iqtidorli olim Alisher Dedaxanov AQSHning nufuzli “Marquis” noshirlik uyining xalqaro Albert Nelson Markuis nomidagi “Marquis Who’s Who in the World” mukofotiga sazovor bo‘lgani haqidagi xabar barchamizni behad mamnun etdi.
U Toshkent davlat sharqshunoslik institutini bitirib, so‘ngra Janubiy Koreyaning “Yonnam” universitetida “Biznes boshqaruvi” yo‘nalishda tahsil oldi hamda magistr darajasiga ega bo‘ldi. Magistraturani tamomlagach, Alisher o‘zi o‘qigan universitetda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli tarzda yoqlab, 30 yoshida falsafa doktori (PhD) darajasiga sazovor bo‘ldi.
Kelajagi porloq bo‘lgan iste’dodli yosh olimni ustoz murabbiylari o‘zi tahsil olgan universitetda ishda olib qolib, professor-o‘qituvchi lavozimiga tayinlashdi. Hozirda yosh olim dunyoning 10 dan ortiq davlatlaridan kelib mazkur universitetda tahsil olayotgan talabalarga saboq bermoqda. Shu bilan birgalikda, o‘tgan 4 yil davomida AQSH, Angliya, Yangi Zelandiya, Kanada, Koreya va Norvegiyadagi “Social Sciences Citation index” (SSCI) ro‘yxatida yuritiladigan “Personnel Review”, “Managemant Decision”, “Managerial Psychology”, “Career Development International”, “European Planning Studies” va boshqa nufuzli jurnallarda biznes korxonalarini boshqaruv uslubi va xodimlarning kreativligi, biznes korxonalarning innovatsion faoliyatiga ta’sir qiluvchi omillar va shunga o‘xshash bir qator dolzarb mavzularda 13 ta ilmiy maqolalari chop etildi. Mazkur ilmiy maqolalar o‘zining muhim ahamiyati va mazmun-mohiyati bilan xalqaro ilm ahlining diqqat-e’tiborini tortdi.
Ayniqsa, Yaponiyada o‘tkazilgan xalqaro ilmiy anjumandagi ishtiroki orqali o‘zining yuqori malakali mutaxassis ekanligini yana bir bor isbotladi.
Janubiy Koreyaning “Yonnam” universiteti professori izlanuvchan yosh olim Alisher Dedaxanov “Marquis Who’s Who in the World” (Markis: Dunyoda kim aslida kim) nufuzli mukofotiga o‘zining mehnatsevarligi, o‘z kasbiga sadoqati, qisqa vaqt ichidagi ilmiy salohiyatli izlanishlari hamda bu orqali dunyoda biznes va menejment sohasining rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun loyiq deb topildi.
Marquis Who’s Who – qisqacha tarjimai hollarni o‘zida mujassam qilgan AQSHning qator kataloglar nufuzli nashri hisoblanadi. Mazkur katalogdan dunyodagi biznes, yurisprudensiya, fan, tibbiyot, san’at, boshqaruv va shu kabi boshqa sohalarning yuqori malakali yetakchi mutaxassislari o‘rin olgan.
Bundan tashqari, Alisher “Yonnam” universiteti bo‘yicha har smestr oxirida talabalar tomonidan professsor-o‘qituvchilarning dars berish mahoratini baholash reytingi ko‘rsatkichida 885 nafar professor o‘qituvchilar o‘rtasida ta’lim berish bo‘yicha eng kuchli 5 foizlik professorlar qatoridan o‘rin oldi.
Alisher o‘zi yosh bo‘lishiga qaramasdan hozirda 3 nafar doktorant, 4 nafar magistr talabalarga murabbiy sifatida ilmiy rahbarlik qilmoqda. U shogirdlariga o‘zining ilmiy tajribasi orqali biznes boshqaruvida ilmiy maqola va dissertatsiyalar yozish sirlarini o‘rgatmoqda.
Ayni kunlarda u Namangan muhandislik-qurilish institutining “Menejment” fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun xalqaro biznes va menejment sohasi bo‘yicha innovatsion g‘oyalar mavzuida onlayn tarzida dars o‘tishni rejalashtirmoqda.
Albatta, biz xorijda xalqaro miqyosda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yurtdoshimiz bilan faxrlanamiz. Fursatdan foydalanib, hamyurtimiz Alisherni ushbu yuksak mukofot bilan chin dildan tabriklagan holda uning kelgusidagi ilmiy faoliyatida, ijodiy ishlarida hamda oilaviy hayotida omadlar tilaymiz.