O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muassasa faoliyati takomillashmoqda
2018-04-04 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjuman mamlakatimizda yagona o‘lchovlar birligini ta’minlash va halqaro aloqalarni kengaytirish istiqbollariga bag‘ishlandi.
“O‘zstandart” agentligi matbuot xizmati rahbari A.Rasulov, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti davlat korxonasi direktori o‘rinbosari L.Saidoripov va boshqalar mamlakatimizda barcha tizimlar qatori standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akkreditatsiya sohalarini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Prezidentimizning 2017-yil 28-apreldagi “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti davlat korxonasi (“O‘zMMI” DK) tashkil etilgani ham bu boradagi ishlar ko‘lami kengayayotganidan dalolat beradi.
Matbuot anjumanida mazkur davlat korxonasining bir yillik faoliyati, yutuq va rejalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekiston milliy metrologiya instituti davlat korxonasi mamlakat milliy etalonlar bazasini takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha choralarni amalga oshirmoqda. Ayni kunda davlat korxonasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi sinov va sertifikatlashtirish markazlari metrologiya bo‘limlari ham faoliyat yuritmoqda.
– Bugungi kunda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti davlat korxonasida 10 milliy boshlang‘ich etalon mavjud bo‘lib, bu yurtimizdagi 700 dan ortiq yuqori aniqlikdagi o‘lchov vositalarini qiyoslash (kalibrlash) imkonini beradi, – deydi mazkur davlat korxonasi bo‘lim boshlig‘i F.Mahmudov. – Hozirgi kunda mamlakatimizda o‘lchov vositalari, usullari va natijalariga metrologik talablar belgilangan 1 ming 750 dan ortiq xalqaro va 20 dan ortiq davlat standartlari amalga kiritilgan. 2018-2021-yillarda milliy etalon bazasini rivojlantirish uchun 15 dona etalon xarid qilinadi. Buning natijasida xorijga olib chiqilayotgan yuqori aniqlikdagi o‘lchov vositalari o‘zimizda qiyoslanadi va ortiqcha sarf-xarajatning oldi olinadi.
Tadbirda davlat korxonasining xorijiy davlatlar bilan hamkorligi, shuningdek, sohani takomillashtirish maqsadida “O‘zstandart” agentligining metrologiya bo‘yicha Metrik konvensiyaga a’zo bo‘lishni o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi qaror loyihasi hamda O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi haqida ham ma’lumotlar berildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA