O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bugun qaysi yangi qonunlar kuchga kirdi?
2018-04-03 | Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan ma’qullangan qonunlardan uchtasiga 2018 yil 2 aprelda imzo chekdi.
O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risi»da qonun shulardan biridir.
Mazkur qonunga ko‘ra, 18 aprel – O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni etib belgilandi.
Prezident imzolagan navbatdagi qonun O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida uch davlatning Davlat chegaralari tutashgan nuqtasi hududi to‘g‘risidagi Shartnomani (Samarqand, 2017 yil 10 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida»dir. Ushbu qonun bilan mazkur Shartnoma ratifikatsiya qilindi.
Shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasida fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2017 yil 5 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga binoan qonun nomida aks etgan Shartnoma ratifikatsiya qilindi.
Bugun matbuotda e’lon qilingan mazkur qonunlar kuchga kirdi.